Breaking News

AQSh-Vyetnam harbiy kuchlari Janubiy Xitoy dengizida mashg'ulot o'tkazmoqda


Vyetnam dengiz floti jangchilari
Vyetnam dengiz floti jangchilari

Janubiy Xitoy dengiziga egalik qilish bo’yicha hududdagi da’vogarlar o’rtasida bahslar kuchayib borar ekan, ulardan biri Vyetnam AQSh bilan harbiy tayyorgarlik mashg’ulotlarini olib bormoqda.

AQSh Vyetnam bilan har yili harbiy mashqlar o’tkazadi. Bu yilgisi Danang shahrida o’tyapti. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, tadbir Janubiy Xitoy dengizida hudud talashayotgan davlatlar o’rtasidagi nozik diplomatik aloqalarning bir qismi.

Bu yilgi mashg’ulotlar o’tgan yilgisidan ko’ra kattaroq. Unda 1400 askar va uchta harbiy kema ishtirok etyapti, deydi AQSh Harbiy-dengiz kuchlari kapitan-leytenanti Mayk Morli.

“Tadbirga tayyorgarlik bir yildan beri ketmoqda. Nihoyat shu hafta boshlanadi”, deydi u.

Mashg’ulotlar AQSh va Filippin o’rtasida o’tgan hafta boshlangan urush o’yinlariga ulanib ketadi. Harbiy o’yinlar Janubiy Xitoy dengizidagi hudud bo’yicha Xitoy va Filippin o’rtasida munosabatlar tobora taranglashib borayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Rasmiy Pekin da’vosiga ko’ra, 3,5 million kvadrat kilometrli butun dengiz hududi Xitoyga tegishli. Filippin, Malayziya, Tayvan, Bruney sultonligi hamda Vyetnam ham ushbu hududning bir qismiga da’vo qiladi.

Mayk Morlining aytishicha, harbiy mashg’ulotlarning hudud o’lkalari orasidagi bahsli mavzuga aloqasi yo’q.

Xitoy butun Janubiy Xitoy dengizini o'ziga tegishli deb hisoblaydi. Suratda Xitoy harbiy dengiz floti dengizda raketa uchirishni mashq qilmoqda.
Xitoy butun Janubiy Xitoy dengizini o'ziga tegishli deb hisoblaydi. Suratda Xitoy harbiy dengiz floti dengizda raketa uchirishni mashq qilmoqda.
“Bu ikki ish bir-biriga mutlaqo aloqador emas. Filippin va Vyetnamdagi harbiy mashqlar turli guruhlar tomonidan tashkil etilmoqda”, deydi u.

O’tgan yili Danangda o’tkazilgan harbiy mashqlarni Xitoy norozilik bilan qarshi olgan edi. Lekin bu yil rasmiy Pekin Vyetnam va Filippindagi harbiy tayyorgarliklar borasida sukut saqlashni lozim topdi.

Ayrim tahlilchlar nazarida, Xitoyning rizolik alomati bilan sukut saqlashi sahna ortida kechayotgan ayrim voqealar bilan bog’liq.

O’tgan hafta Vyetnamda Xitoyning ashaddiy tanqidchisi bo’lgan blogger Nguyen Van Xay davlatga qarshi propaganda mazmunidagi maqolalarni chop etgani uchun hibsga olindi. Aybdor deb topilsa, jurnalist 20 yilgacha ozodlikdan mahrum bo’lishi mumkin.

Nyu Souz Uels universiteti professori Karl Tayerning aytishicha, Vyetnam Xitoy bilan munosabatlarning keskinlashishiga yo’l qo’ymaslik uchun shunday choralarga qo’l urmoqda. Bir tomondan Xitoy bilan diplomatik aloqalarni ushlab turishni istasa, boshqa tomondan AQSh bilan harbiy dengiz mashg’ulotlarini olib bormoqda, deydi professor.

“Vyetnamda Xitoyga qarshi bo’lgan namoyishlar bostirildi va bloggerlar faoliyati to’xtatildi”, deydi professor Tayer.

Xitoy ham o’z navbatida hibsdagi 21 nafar vyetnamlik baliqchini ozod etdi. Ular 4-mart kuni Parasel orollari yaqinida baliq ovlayotgan payt xitoylik qo’riqchilar tomonidan qo’lga olingan edi. Arxipelag Xitoy nazoratida, ammo Vyetnam ham unga da’vo qiladi.

Tayerning aytishicha, Xitoy baliqchilarni ozod etib, to’g’ri ish qildi.

“Bu bilan Xitoy Vyetnamni Filippin masalasidan ajratishga yordam beradi. Shu paytgacha masala bo’yicha Xitoyga qarshi ko’proq Filippin norozilik bildirayotgan edi. Vyetnam esa shu bahonada foyda ko’rmoqchi”, deydi u.

So’nggi voqealarning dengiz harbiy mashqlariga aloqasi bor degan fikrga hamma ham qo’shilmaydi. Singapurdagi Janubi-sharqiy Osiyo masalalari institutida katta tadqiqotchi Ian Storining aytishicha, baliqchilarning ozod etilishi Janubiy Xitoy dengizida bu kabi ixtiloflar hali davom etishini ko’rsatadi.

“Muammoning bir uchi ob-havo bilan bog’liq. Yomg’ir mavsumi hozir tamom bo’ldi. Bunaqa paytda baliqchilar va nazorat kemalari dengizga chiqadi va shunday voqealar yana boshidan boshlanadi”, deydi tadqiqotchi.

Filippin va AQSh harbiy dengiz kuchlari Janubiy Xitoy dengizida.
Filippin va AQSh harbiy dengiz kuchlari Janubiy Xitoy dengizida.
Storining aytishicha, AQSh-Filippin harbiy hamkorligiga javob tariqasida Xitoy Rossiya bilan bir vaqtning o’zida ilk urush o’yinlarini o’tkazmoqda. Xitoy dunyoda AQShdan keyin mudofaaga eng ko’p mablag’ sarflaydigan davlat hisoblanadi. Yillik harbiy xarajati ASEAN davlatlarining mudofaa byudjeti yig’indisidan ham katta. Xitoy dengiz mashg’ulotlari orqali harbiy qudratini dunyoga ko’rsatib qo’ymoqchi, deydi Stori.

“Harbiy qudrat borasida Xitoyning imkoniyatlari oshib bormoqda. Qo’shnilarga o’z so’zini o’tkazish uchun salohiyati yetarli”, deydi olim.

Shuning uchun Vyetnam bir paytlar dushmani bo’lgan AQSh bilan harbiy hamkorlik qilishni afzal ko’rmoqda, deydi tahlilchilar.

Dengiz floti rasmiysi Morlining aytishicha, Vyetnam bilan aloqalarning yaxshilanishida ushbu harbiy mashqlarning ahamiyati katta. Ikki davlat munosabatlari 1995-yilda yaxshilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG