Breaking News

Xitoy, Amerika mudofaa rasmiylari Pekinda uchrashdi


Xitoy, Amerika mudofaa rasmiylari Pekinda uchrashdi
Xitoy, Amerika mudofaa rasmiylari Pekinda uchrashdi

AQSh va Xitoy mudofaa rasmiylari bugun Pekinda uchrashgan. Qo’shma Shtatlar Avstraliyada qo’shimcha harbiy bazalar ochishga umid qilib, Tayvanga qurol sotishda davom etar ekan, aloqalar tarang.

Xitoy Milliy ozodlik armiyasi generali Ma Syaotyan va Amerika Mudofaa vaziri muovini Mishel Flornoy yillik majlisga bosh bo’ldi.


Maning aytishicha, bir kunlik bu yig’in rejaga ko’ra o’tmoqda va bu tomonlar harbiy sohada aloqani davom ettirish qarorida qat’iy ekanidan nishona.

Joriy yilning kuzida AQSh Tayvanga, Xitoy o’z hududi deb biladigan orolga olti milliard dollarlik qurol sotish rejasini e’lon qildi.

Bundan norozi rasmiy Pekin Vashington bilan har qanday harbiy aloqani vaqtincha to’xtatdi.

Nyu-York Texnologiya Instituti dekani Jeyms Nolt fikricha, Oq Uy Xitoy bilan bu sohadagi munosabatlarni yo’qotishni istamaydi, aksincha, ma’lumot muntazam almashib turilishi kerak.

“Amerika har qanday ehtimoliy to’qnashuvlarning oldini olishi kerak. Xoh qo’shma qurolli mashqlar, xoh raketa sinovlari, xoh dengiz qatnovi bo’lsin. Maqsad Xitoy bilan shunday bitim tuzishki, orada konflikt bo’lmasin”, - deydi olim.

Tomonlar mintaqada talash Janubiy Xitoy dengizi ustida kelisha olmayapti. Rasmiy Pekin nazarida muammoni neft va gazga boy dengizga da’vogar region davlatlari o’zaro hal qilishi kerak. Janubiy Xitoy dengizi Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam o’rtasida tortishuvga sabab bo’lib keladi.

Lekin, deydi Jeyms Nolt, muammoga yechim ko’rinmaydi, tabiiyki, mintaqada ittifoqchilari bor Amerika mojaro ehtimolining kuchayishidan xavotirda. Qudrati oshib borayotgan Xitoy qo’shnilar bilan aytishib o’tirishni o’ziga ep ko’rmaydi. Dengizning katta qismini kuch bilan o’ziniki qilib olishi, natijada atrofdagilar qurolga o’tishi mumkin”, - deydi olim.

Xitoy prezidenti Xu Zintao kechagi chiqishida dengiz flotini jangga shay turishga chaqirdi. Jurnalistlar savollari yog’ilar ekan, Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xon Ley ularni tinchlantirishga urindi.

“Xitoy uchun bu odatiy siyosat”, - deydi Xon Ley. “Mudofaani charxlash har bir davlat uchun xos va Xitoy hech kimga tahdid solayotgani yo’q”, - deydi u.

“Xitoy rivojlansa, bundan butun dunyo foyda ko’radi”, - deydi rasmiy.

Xitoy va Amerika, shuningdek, bugun Shanxay portida radiatsiyani aniqlovchi sistema ishga tushganini e’lon qildi. Bu tizim ommaviy qirg’in quroli uchun zarur moddalar savdosi va transportirovkasiga qarshi qaratilgan.

Shanxaydagi Xanshan porti dunyoda eng yirigi hisoblanadi va undan ko’p miqdorda yuklar olib o’tiladi. Sistemaning ochilish marosimida Qo’shma Shtatlar Xitoy yordamini olqishladi.

Ikki tomon yadro quroli tarqalishining oldini olish choralarida doim ham kelishmaydi. Shimoliy Koreya atom izlanishlari xavfli ekanini Amerika va Xitoy birday tan olsada, Eron yadro dasturi hamon bahsli masala bo’lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG