Qozog'istonda prezident vakolatlari qisqarishi mumkin


Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev

Qozog`istonda Prezident Nursulton Nazarboyev vakolatlarini qisqartiruvchi konstitutsiyaviy o`zgarishlar muhokama qilinmoqda. Sharhlovchilarga ko`ra, bu o`zgarishlar Nazarboyev hokimiyatni topshirish haqida o`ylayotganidan darak bermaydi, ammo O`zbekistonda kutilmaganda kuzatilgan hokimiyat almashishi bilan bog`liq jarayonlar inobatga olingan bo'lishi mumkin.

Nazarboyev tashabbusi bilan muhokamaga chiqqan bu o`zgarishlar hokimiyatning taqsimotini, ayrim sohlarda prezidentning ishtirokini cheklashni maqsad qiladi. Konstitutsiyaviy bu o`zgarishlar Qozog`istonda avtoritar boshqaruv keskin kuchaygani haqidagi tanqidlar ortidan kuzatilmoqda.

Konstitutsiyaviy o`zgarishlarni muhokama qo`ygan Nazarboyevning aytishicha, Qozog`iston uchun 90-yillarning o`rtalarida tanlangan hokimiyatni vertikal boshqarish tartibi bugungi kun talablariga javob bermaydi, mamlakatdagi siyosiy tizim yanada demokratlashishi kerak.

Taklif etilayotgan o`zgarishlarga ko`ra, prezident ixtiyoridagi ayrim vakolatlar hukumatga va parlamentga yuklanadi. Umumiy hisobda prezidentning 40 ga yaqin vakolati hokimiyat idoralari o`rtasida taqsimlanishi haqida gapirilmoqda.

Bu takliflar jamoatchilik orasida munozara qo`zg`agan. Ayrim qarashlarga ko`ra, o`zgarishlar jiddiy emas, siyosiy va iqtisodiy jarayon avvalgidek prezident Nazarboyev nazoratida qolishiga biror to`sqinlik yaratmaydi.

Qozog`istonlik ekspert Saparboy Jubayev prezident Nazarboyev tashabbusini ijobiy baholaydi, ammo bu o`zgarishlar mamlakatda vertikal boshqaruvdan voz kechilayotganini anglatmaydi.

“Bu o`zgarishlarda masalani parlament, hukumat hal qilishi kerak deyilgan, buni esa baribir Nazarboyevning o`zi hal qiladi degan tanqidiy qarashlar bor. Masalan, iqtisodiy sohadagi yirik tadbirlar avval bevosita prezident imzosi bilan qilinardi, hozir bu hukumatga o`tadi. Yana bir o`zgarish - hukumatdagi vazirlarni tayinlash vakolati majlisga o`tyapti. Faqat mudofaa va ichki ishlar vazirini tayinlash prezident ixtiyorida qoladi. Xullas, prezident-parlament boshqaruvini joriy etish maqsad qilinayotgandek”, - deydi u.

Saparboy Jubayevga ko`ra, ko`pchilik ekspertlar uchun o`zgarishlarning nima sababdan saylov tizimini chetlab o`tgani mavhum qolmoqda.

“Nazarboyev charchagan deb o`ylamayman, faqat hamma masala bir kishiga bo`gliq qolsa, rivojlanish qiyin kechadi, shuning uchun u majlisga, hukumatga o`zlaring hal qilinglar demoqchi. Ammo saylov tizimi chetlab o`tilgan bu o`zgarishlar ko`plab savollar uyg`otadi. Qolaversa, hukumat rahbarini uning o`zi tayinlar ekan, demak vazirlar ham baribir u bilan maslahatlashilgan taqdirda tasdiqlanadi. Shuning uchun vazirni Nazarboyev qo`ydimi yoki Bosh vazirmi, farqi yo`q biz uchun”, - deydi Jubayev.

Nursulton Nazarboyev Qzog`istonni chorak asrdan buyon boshqarib kelmoqda. O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov kitilmaganda vafoti etganidan keyin MDHdagi eng keksa siyosiy liderga aylandi.

Qo'shni o'lkada hokimiyatning almashishi bu jarayon Qozog`istonda qanday kechishi mumkinligi haqidagi taxminlarni muhokamaga chiqardi.

Nazarboyevning o`z vakolatlarini cheklashga jazm qilgani O`zbekistondagi voqelik bilan ham aloqador ekani ehtimol qilinadi, ammo bu Nazarboyevning yaqin kelajakda hokimiyatni topshirishga tayyorligini anglatmaydi, deydi qozog'istonlik ekspert.

“Meningcha, Nazarboyev hokimiyatni O`zbekistondagi kabi silliq almashishi zarurligi haqida o`ylayapti, buni tirikligida qilmoqchi. Ammo, Xudo unga sog`liq bersin, yaqin 10-15 yilda u hokimiyatni hech kimga bermaydi. Lekin albatta amaldagi vaziyatni saqlab qoladigan biror bir vorisni ko`zlayotgan bo`lishi mumkin”, - deydi Saparboy Jubayev.

Qozog`iston prezidenti Nazarboyev tashabbusiga ko`ra muhokamaga qo'yilgan konstitutsiyaviy o`zgarishlar parlamenda ko`rib chiqilishi va prezident tomonidan tasdiqlanishidan so`ng kuchga kirishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG