Breaking News

Texasdagi qatliom qurol nazoratini kuchaytirishi kutilmayapti


Senatda ko'pchilik sardori Chak Shumer qurol nazoratini kuchaytiruvchi biror qonun ayni damda ovozdan o'tishiga ishonmaydi
Senatda ko'pchilik sardori Chak Shumer qurol nazoratini kuchaytiruvchi biror qonun ayni damda ovozdan o'tishiga ishonmaydi

24-may kuni Texas shtatining Uvalde shahrida 19 o'quvchi va ikki o'qituvchini o'ldirgan hujum ketidan Amerika ahli motamda, ammo Kongress a'zolari bunday qatliomlar ortidagi omillar yuzasidan yakdil emas.

Senatda demokratlar sardori Chak Shumer deydiki, hozir bu borada biror qonun loyihasini muhokamaga qo'yishdan naf yo'q, chunki respublikachilar baribir uning ovozdan o'tishiga yo'l qo'ymaydi. Qurol nazoratini kuchaytiruvchi hujjat Vakillar palatasida allaqachon ma'qullangan.

Qurolga egalik va uning savdosi cheklansin deganlar noyabr oyidagi saylovlarni kutishi va aynan shunday siyosatni olg'a suruvchi nomzodlarga ovoz berishi kerak, deydi Shumer.

"Amerikaliklar qurolga qanday yondashishni istasa, shuni aks ettiruvchi odamni Kongressga yuborsin", - deydi senator.

Media va ijtimoiy tarmoqlar so'nggi qatliomni qoralovchi fikrlar bilan to'la. Shumer sungari demokratlar saylovchilarni Senat masalaga aslo befarq emas, deya ishontirishga urinmoqda.

AQShda bu yil boshidan buyon 200 dan oshiq keng ko'lamli qurolli xurujlar sodir etilgan.

Bir yil oldin o'tkazilgan ommaviy so'rovlarda amerikaliklarning 81 foizi qurol sotib olishni xohlagan kishi chuqur tekshiruvdan o'tishi kerak deb hisoblashini aytgan va hozirgi ko'rikni yetarli deb bilmagan.

Respublikachilarning 71 foizi ham shunday qarashda ekani aniqlangan.

O'tgan yili Vakillar palatasi bu borada ikki loyihani tasdiqlagan, ammo Senatda demokratlarga ustun kelish uchun ovoz yetmaydi. 100 senatordan 60 nafari biror tashabbusni yoqlamaguncha biror masala hal bo'lmaydi.

Demokratlar va respublikachilar Senatda 50 tadan o'ringa ega. Biror loyiha ovozga qo'yilishi uchun ularga 10 respublikachi qo'shilishi zarur. Vitse-prezident Kamala Harris biror masala yuzasidan teng ovoz berilganda uni o'z ovozi bilan demokratlar tomonga og'dirishi mumkin.

Senator Shumer respublikachilarni vijdonsizlikda ayblaydi. Uning aytishicha, konservatorlar Vashingtondagi kuchli lobbichi, Milliy qurol uyushmasiga yo'q deya olmaydi. Chunki, deydi Shumer, bu organ Kongressning ko'plab a'zolarining saylov kampaniyalariga millionlab dollar bergan.

Shumer fikricha, murosa yo'li bor. Partiyalar, agar respublikachilarda iroda bo'lsa, kelisha oladi, deydi u.

"Ko'p harakat qilganmiz, eplay olmaganmiz, aldanganmiz, ammo men umidni boy bermayman. To'xtamaymiz va respublikachilardan hamjihatlik kutamiz".

AQShda yana qatliom, Texas maktabida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00

Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnell deydiki:

"Mamlakatimiz bu otishmalardan to'yib ketdi. G'azabdamiz. Texas maktabidagi kabi hujumlar hissiz, shafqatsiz shaytonning ishi".

Makkonnell farzandlaridan ayrilgan amerikaliklarga hamdardlik bildirdi.

"Xalqimiz anduhda. Yurtdoshlarimiz chekayotgan azobni so'z bilan ifodalash qiyin".

Makkonnell hujum qilgan odam ikki avtomat egasi bo'lganini tilga olmadi, vaholanki u va partiyadoshlari qurol bilan bog'liq qator tashabbuslarga qarshi chiqqan. U, shuningdek, Shumerning hamjihatlikka undovchi gaplariga javob bermadi.

Konnektikut shtatidan demokrat senator Kris Merfi esa kamida 10 respublikachi hamkorlikka tayyor ekaniga ishonadi.

"Biz qonunchi sifatida katta kuchga egamiz va xalqimiz chekayotgan uqubatga qarab tura olmaymiz. Chora ko'rishimiz shart. Murosa yo'li bor", - deydi Merfi.

Illinoys shtatidan demokrat senator Dik Durbin fikricha respublikachilar bunga aslo moyil emas.

"Ularning bu masalada biror qadam tashlashiga ishonmayman".

Senatda ayrim respublikachilar ko'proq amerikaliklar qurol bilan yurganida qatliomlar kam bo'lar edi, degan nazariyani targ'ib qilishda davom etmoqda.

Texasdan saylangan Ted Kruz fikricha, demokratlar va ommaviy axborot vositalarining muammoga yechimni cheklovlarda ko'rishi xato.

"Cheklov samara bermaydi. Bunday choralar jinoyatning oldini olmaydi. Muammoga qarshi kurashmoqchimisiz, unda jinoiy tarixga ega odamlarning ketiga tushing, qidiruvda yurganlarni toping va ruhan kasalmandlarga e'tibor qarating", - deydi Kruz.

Senator maktablarda xavsizlik mexanizmlarini yaxshilash, qurollangan soqchilarni ko'paytirishni taklif qilmoqda.

Texas shtati qurolga egalik va uni olib yurish borasida ancha erkin. Uvalde shaharchasida hujumni sodir etigan 18 yoshli Salvador Ramos oldin biror jinoyat sodir etmagan. Ruhiy kasalliklardan qiynalgani qayd etilmagan.

Viskonsin shtatidan respublikachi senator Ron Jonson ta'lim maskanlarini himoya qilish uchun yangicha tizim joriy etishga chaqirmoqda. Federal va mahalliy hukumat maktab, kollej va universitetlarga bu borada yordam berishi lozim, deydi u.

Biroq bunday sistema allaqachon bor, deydi demokratlar. Hozir taklif qilinayotgan loyihalar uni mustahkamlashni ko'zlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG