Breaking News

Qurolga o’ch AQShda har yili minglab odam otishmalarda halok bo’ladi


Qurol do'koni, Oregon

AQShda tarixan qurol egalarining aksariyati qishloq joylarda yashovchi oq tanli erkaklar bo’lgan. Ammo endilikda ozchilik guruhlar vakillari ham ko’proq qurol sotib olmoqda. Nyu-Yorkning Long-Aylend rayonidagi qurol do’koni egasi Jey Zeng bu tendensiyani kuzatmoqda.

“Xaridorlarimiz orasida osiyoliklar ko’paygan. Tushunishyaptiki, Nyu-Yorkda qonuniy yashayotgan bo’lsangiz, fuqaro bo’lsangiz, sotib olish muammo emas”, - deydi Zeng.

Amerikada qurol savdosi oshgani oshgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

Unga ko’ra, osiyolik xaridorlar soni ko’paygani kovid davrida osiyolik amerikaliklarga nisbatan zo’ravonlik oshgani bilan bog’liq. Boshqa ko’rsatchkichlar ham bor.

Otish sporti bo’yicha milliy jamg’armasiga ko’ra, 2020-yilda qurolga egalik qora tanlilar orasida 58 foizga, ispanzabonlar orasida esa 49 foizga oshgan.

Nyu-yorklik qurol instruktori Deymon Finch zo’ravonlikdan himoyalanishni bir omil sifatida tilga oladi.

“Jorj Floydning o’limi, “Qora tanlilar ham odam” degan harakat bilan bog’liq voqealar, pandemiya… bular hammasi qurol savdosiga ta’sir qildi. Qolaversa, uyida qurol bo’la turib, undan foydalanishni bilmaydiganlar o’rganish uchun kelmoqda”, - deydi Finch.

Gey, lezbian, biseksual va transgender insonlarga xizmat ko’rsatuvchi “Pushti pistoletlar” nomli tashkilot ham so’nggi yillarda a’zolari safi keygayganini bildirmoqda.

“Jinsiy oriyentatsiyasi o’zgacha insonlar o’zini qurol bilan himoya qilish uchun bizning treninglarga kelishyapti, biz ularga otishni o’rgatamiz. Ba’zilar shunchaki atrofda jinoyatchilik ko’lami oshganini ko’rib, ayniqsa oxirgi bir yilda, biz bilan bog’lanyapti”, - deydi tashkiloti vakili Aron Grossman.

AQShda mavjud 400 million qurolning 98 foizi fuqarolar qo’lida. Shunday ekan, mamlakatda o’lim sur’ati ham yuqori. Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, 2020-yilda Amerikada 45 mingdan ortiq odam otishmalarda halok bo’lgan.

“Yangi Angliya tibbiyot jurnali” o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, uyda qurol saqlash va zo’ravonlik o’rtasida aniq bog’liqlik bor. Uyda saqlangan qurol oila a’zolari yoki tanishlar tomonidan qotillik ro’y berishi ehtimolini oshiradi.

“Quroldan to’g’ri foydalanishni bilmaslik, tajribasizlik va ehtiyotsizlik, foydalanishni bilmay turib qurolni ishlatish ko’pincha baxtsiz voqealarga olib keladi”, - deydi sotsiolog Deyvid Yamane.

Uning aytishicha, qonuniy qurol savdosi oshishi jinoyatni kamaytiradi degan gaplar asossiz.

AQShda qurolga egalik o’sishda davom etmoqda. Irqi va kimligidan qat’i nazar, ko’pchilik qurol o’zini va oilasini himoya qilishda qo’l keladi deb ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG