Breaking News

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vashingtonga safari chog’ida Oq uyda AQSh rahbari Donald Tramp bilan uchrashdi. Tomonlar Suriyadagi vaziyat va Eronning bu mamlakatdagi faoliyatini muhokama qilgan.

Isroil rahbari Eronni Yaqin Sharqda eng katta tahdid deb atadi. Unga ko’ra, uch yil oldin xalqaro yadroviy bitim imzolanganiga qaramay, Tehron yadro qurolini yaratish niyatidan qaytmagan.

“Eronni to’xtatmoq zarur. Oldimizdagi umumiy muammo shu”, - dedi Netanyaxu.

Vashingtondagi ayrim rasmiylar Eron va Isroil o’rtasida urush boshlanishi ehtimolidan xavotirda.

“Eron salohiyati oshgan sari haqiqiy niyatini oshkor etmoqda. Raketa tizimi kuchaymoqda, Suriya va Livanga qo’shinlarini yubormoqda”, - deydi Vashingtondagi Gudzon instituti tahlilchisi Maykl Pregent.

Trampning aytishicha, AQSh va Isroil Yaqin Sharqda mudofaa va terrorga qarshi kurash bobida yaqindan hamkorlik qilmoqda. AQSh rahbari uning ma’muriyati Isroil va Falastinni tinchlik muzokaralariga unday olishiga ishonch bildirdi.

“Bu oson bo’lmaydi. Gap faqat bir hovuch yer haqida emas. Yillar davomida kuzatilayotgan qarshilik, to’plangan nafratni yengish kerak”, - dedi u.

Tramp AQSh elchixonasining ochilishi uchun Quddusga borishi mumkinligini aytdi. O’tgan yili uning elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko’chirish qarori Falastin noroziligiga sabab bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG