Breaking News

Ozarbayjonda yangi qonun matbuot erkinligini yanada bo'g'moqda


Ozarbayjon parlameti oldida namoyish, Boku, 28-dekabr, 2021
Ozarbayjon parlameti oldida namoyish, Boku, 28-dekabr, 2021

Ozarbayjon matbuot erkinligi eng og'ir ahvolda bo'lgan mamlakatlardan biri. Yaqinda qabul qilingan qonun esa vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

Qonun ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning yangicha tartibda ro'yxatdan o'tishini talab qiladi. Mustaqil jurnalist bo'lsangiz ham hukumatga hisobot berishingiz shart bo'ladi.

Bir necha media tashkilotga muxbirlik qiladigan Nigar Mubariz nazarida Ozarbayjonda erkin matbuot uchun sharoit endi umuman yo'q.

"Biz o'zi allaqachon bosim ostida ishlab o'rganib ketganmiz, yo'lini topamiz har doim. Lekin endilikda o'zimizni himoya qilishga majburmiz, chunki hukumat tizginni qattiqroq tortmoqda".

Mubariz kabi jurnalistlar endi rasman jurnalist sanalmasligi va siyosiy tadbirlarga, forumlar va muhim davralarga kiritilmasligi mumkin.

Qonunning jurnalistdan xolislik talab qiluvchi jihatlari esa erkin fikrga zarba va muxbir har qanday tahliliy materiali uchun sudga tortilishi mumkin. Chunki bu hujjat asosida hukumat nima xolis, nima xolis emasligini belgilash qudratiga ega bo'ladi.

"Bu qonun nafaqat mediani, balki ommani erkin gapirishiga yo'l bermaydi, bu esa biz ishonchli axborot bera olmaymiz, demakdir", - deydi Mubariz.

Ozarbayjon bosh qomusining 50-moddasi fuqaroga erkin ma'lumot olish va tarqatish huquqini kafolatlaydi.

Yangi qonun bilan, deydi Mubariz, mamlakatdagi biror muammoni yoritish, jamoatchilikning munosabatini olib chiqish va mutasaddilarni tanqid qilish mumkin emas.

Qonunchilarga ko'ra esa bu hujjat jurnalistlar bilan ham muhokama qilingan, ularning ham fikri o'rganilgan holda qabul qilingan.

"Qonun media erkinlikni, so'z erkinligini himoya qiladi va hech qanday cheklov qo'ymaydi",- deydi Aydin Mirzazade, parlamentdagi "Yangi Ozarbayjon" partiyasi vakili.

Mirzazade deydiki, hujjat bosh qomusga ham, Yevropa Inson huquqlari konvensiyasiga ham zid emas.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti Ozarbayjonni matbuot erkinligi bo'yicha reytingda 180 davlat ichida 154-o'ringa qo'yadi, ya'ni respublika jurnalistika eng qattiq bosim ostidagi o'lkalardan biri. Jurnalistlar doimiy tazyiqda, tanqidiy materiali uchun hibsga olinadi, sudlanadi va jazolanadi.

Lekin faoliyatini qo'rqmay davom ettirayotgan jurnalistlar anchagina. Ulardan biri Xadija Ismayilova global miqyosda korrupsiya holatlarini fosh etgan "Pegasus" loyihasiga hissa qo'shib, yulg'ich va o'g'ri siyosatchilarni fosh etgan.

Frilanser, ya'ni mustaqil jurnalist Parvana Gurbanli vaziyatga qarab ish tutishga bel bog'lagan.

"Hozircha tegishmayaptimi, demak, harakatdan to'xtamayman. Qonun ijro etila boshlasa, unda nima qilamiz, bilmayman. Mustaqil jurnalistlar qo'rqmay ishlayverishi kerak, balki vaqt o'tib, bu qonun kuchini yo'qotar",- deydi u.

Gurbanli nazarida ham yangi qonun hukumat uchun matbuot xodimlarini jilovlash mexanizmidir.

"Hujjat har bir media tashkilotdan o'zini va xodimlarini birma-bir ro'yxatdan o'tkazishni talab qiladi. Unga ko'ra, men kabi frilanserlar esa jurnalist hisoblanmaymiz".

Farid Gahramanov, mustaqil "Turan" axborot agentligi muxbiri, ro'yxat qanday shakllanishini savolga tutmoqda. Uning boshqaruvi mavhum, deydi jurnalist.

"Ro'yxatdan o'tishning shartlari nima bo'ladi? Qachon rad etilasiz? Nima asosda?"

Gahramanov fikricha yangi qonun Ozarbayjon jurnalistlari orasida allaqachon keng tarqalgan o'z-o'zini senzura qilish odatini yanada kuchaytiradi. Jurnalistlar hukumatga sodiq bo'lmasa, jurnalist emas, degan tushunchani targ'ib qiladi.

Media guvohnoma olish hozir ham qiyin, deydi Gahramanov.

"Xolislik va betaraflikning asosiy sharti - hukumat, siyosiy institutlar va bizneslardan mustaqil bo'lish, ularning bosimi va ta'siri ostida ishlamaslik. Jurnalist uchun ishonchli axborot yig'ish - eng muhim vazifa", - deya tushuntiradi u.

Gahramanov uchun hukumat jurnalistlar xavfsizligini ta'minlashi zarur. Ularga davlatdan boshqa yordam kerak emas, deydi u.

"Jurnalistlarning huquqi buzilganida, darhol chora ko'rilsin. Tekshiruvlarga to'siq qo'yilmasin. Jurnalistlarni ezganlar, ularni ishi uchun jazolashga uringanlar qonun oldida javob bersin".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG