Oq uydan yangi immigratsion cheklovlar

  • Amerika Ovozi

Sietl xalqaro aeroporti

Prezidentlikka kelishi bilanoq yetti musulmon davlati fuqarolariga Amerika eshiklari yopilsin deya farmon bergan Donald Tramp Iroqni endi bu ro'yxatdan chiqardi. Suriya, Eron, Yaman, Somali, Sudan va Liviya esa hamon taqiq ostida.

Federal sudlar bu farmon qonunlarga zid deya uning amaliyotiga to'siq qo'ygan. Oq uy bu hukmlardan norozi va tegishli chora ko'rishini bildirib keladi. Farmonning qayta ko'rib chiqilishi shu bilan bog'liq. Qochqinlar oqimi ham cheklanadi.

Prezident maslahatchisi Kelyan Konvey deydiki, yangi buyruq 16-martdan kuchga kiradi. U allaqachon vizasi bor va Amerikada doimiy yashash huquqiga ega odamlarga tegishli emas. Yuqorida tilga olingan davlatlarning fuqarolariga yangi viza bermaslikni ko'zda tutadi.

Los-Anjeles xalqaro aeroportida Tramp siyosatiga qarshi namoyishlar
Los-Anjeles xalqaro aeroportida Tramp siyosatiga qarshi namoyishlar

27-yanvar kuni chiqqan farmon oxir-oqibat Oliy sudda muhokama qilinishi mumkin degan taxminlar bor, chunki bir necha shtatda Tramp ma'muriyatiga qarshi ishlar ochilgan.

Ichki xavfsizlik vazirligi vizali shaxslar AQShga kiraveradi deya aniqlik kiritgach, xalqaro aeroportlardagi namoyishlar biroz tingandek. Lekin yangi farmon bilan norozilik chiqishlarI yana avj olishi muqarrar.

Trampning keskin qarorlari xavfsizlikni ta'minlash uchun xizmat qilmaydi, aksincha AQShga nisbatan nafrat va qarshilikni kuchaytiradi degan fikr siyosatdonlar orasida keng tarqalgan.

Nafaqat demokratlar, balki respublikachilar ham immigratsion cheklovlar Amerika manfaatlari va maqsadlari yo'lida to'siq bo'ladi, foyda emas, deya ogohlantirib kelmoqda.

Davlat departamentining tan olishicha, viza olish jarayoni oldindan murakkab. Tekshiruv tizimlari mustahkam. Amerikaga qochqin sifatida kelishdan oldin ham odamlar oylab, ba'zida yillab ko'rikdan o'tadi. Terrorga qarshi kurash yillarida bu borada yangidan-yangi choralar qo'llangan va musulmon mamlakatlardan kelayotganlar azaldan keskin tarzda elakdan o'tkaziladi.

Tramp musulmon bo'lmagan va musulmon jamiyatlarida siquvga olingan insonlar boshpana so'rasa, yordam berilsin, deya ta'kidlab keladi. Bu yondashuv ham qarshilikka sabab.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG