Breaking News

Obamadan Trampga o'tish qiyin, lekin hayot davom etadi


Nyu-York ko'chalarida Donald Trampga qarshi namoyishlar
Nyu-York ko'chalarida Donald Trampga qarshi namoyishlar

Nyu-York metrolarida nafrat va g’azab aks etgan yozuvlarni ko’rasiz. Din, irq va jins haqida aql bovar qilmaydigan xunuk gaplar va shiorlar. Biroq buning aksini namoyon etuvchi manzaraga ham guvohmiz.

70 yoshli milliarder Donald Tramp Amerikaning navbatdagi prezidenti. U Nyu-Yorkdan. Global shahar bu. Metroda yursangiz, butun dunyo odamlari siz bilan ketayotgandek tuyuladi. Saylovdan keyin ko’pchilik karaxt, o’ychan, xavotir va qo’rqinchda.

Bekatlardan birida yo’lovchilarga ruhiy yordam ko’rsatuvchi loyihalar boshlangan. Muhojir, diniy yoki etnik jihatdan ozchilikdan bo’lsangiz, qolaversa gomoseksual inson bo’lsangiz, bekatda o’tirganlarga murojaat qilib, madad olishingiz mumkin. Trampga qarshilik kuchli. Lekin u saylanib bo’ldi.

“Obama qanday oliyjanob odam, odobli, vijdonli. Trampga qarang. Unga toqat qilish mumkin emas”, - deydi Nyu-York ko'chalarida "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan amerikaliklardan biri.

“Nafratga to’la odam. Zo’ravonlik tarafdori. Meksika bilan chegarada devor qurmoqchi. Musulmonlarni yoqtirmasmish”, - deydi yana bir nyu-yorklik.

Umidni boy bermaganlar ham ko’p.

“Hammamizni ajablantirishi mumkin. Dunyoqarashni kengroq qilaylik", - deydi suhbatdoshlardan biri.

“Bizga yoqadimi yoki yo’q, u endi rahbarimiz”, - deydi yana bir amerikalik.

Nyu-Yorkning Steyton Aylend tumanida saylovchilarning 57 foizi Tramp uchun ovoz bergan. Namoyishlar, norozilik chiqishlari tinmayapti. Trampni qoralovchi tomonlar faol.

Toras Emes yahudiy markazida Rossiyadan kelgan muhojirlar, saylovchilar nazarida, AQShning yangi prezidenti ularning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Ishonishadi unga.

“Bolalarining gaplariga quloq solsangiz, havasingiz keladi. Ular otasini yo’lga soladi. Tramp ular bilan maslahatlashib ish tutadi”, - deydi rus immigrantlardan biri.

Fikrlar har xil, deydi ravvin Yoxanan Ivri. Faktlarga e’tibor bering.

“Ikkita yahudiy, lekin uchta fikr, degan gap bor.”

Shaxs erkinligi nihoyatda muhim talab, deydi taqvodor. Fuqarolar o’zi xohlab ovoz beradi va kimga ovoz berishni o’zi belgilaydi. Odamlarni fikri uchun jazolay olmaysiz.

“Xudoga shukur, demokratik jamiyatda yashaymiz. Odamlar norozi bo’lsa, namoyish qiladi. Bu ham demokratiya. Ularni eshitamiz, xulosa chiqaramiz”, - deydi yahudiy ruhoniy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG