Breaking News

Ukrainaning Novoazovsk shahri bo'lginchilar qo'lida


NATO Rossiyani Ukraina sharqidagi noqonuniy harbiy amaliyotlarini bas qilishga undadi. Bu faoliyat mamlakat tinchini buzishga qaratilgan, dedi Shimoliy Atlantika harbiy alyansi rahbari Anders Fog Rasmussen bugun Bryusseldagi favqulodda majlis ketidan.

Rasmussenning aytishicha, Rossiya qo’shinlari va harbiy texnikasi Ukraina sharqi va janubi-sharqiga bostirib kirgani ravshan. Mamlakat hayotini izdan chiqarish uchun mana bir necha oydirki muntazam ravishda olib borilayotgan strategiya bu, deydi alyans rahbari.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya ham o’z hududidan, ham Ukrainadan turib havo hujumlarini amalga oshirayapti. Hozirning o’zida Ukrainada Rossiyaning taxminan ming zobiti borligi aytiladi. Chegarada jangovar tayyorgarlik holatida yana minglab askarlar bor, deydi Rasmussen.

Ukraina rahbari Petro Poroshenko kecha Rossiya qo’shinlari sharqiy viloyatlarga bostirib kirgani, Novoazovsk shahrini egallab olganini aytgan edi. Ukraina mudofaa rasmiylarining so’zlariga ko’ra, rus harbiy mashinalari shaharni qurshab olgan, atrofdagi qishloqlar ham qamal holatida.

Rossiya bu gaplarni qat’iyan rad etadi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiya armiyasi bosqini haqidagi da’volar asabiy uydirma va aslida bo’lginchilar Ukraina armiyasini chekinishga majbur qilgan.

Rossiya rahbari Vladimir Putin bugun rusparast ayirmachilarni asirdagi ukrainalik zobitlarni qo’yib yuborishga chaqirdi. U gumanitar yo’lak ochishga, asossiz o’limlarning oldini olishga da’vat etayapti.

Bu orada, Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning aytishicha, mamlakat NATO a’zoligi sari harakat qila boshlaydi. Kiyev bo’lginchilarga qarshi kurashda NATOdan yordam so’rab keladi.

Kelasi hafta NATOning Bryusseldagi majlisida a’zo davlatlar Ukraina bilan hamkorlikni oshirish masalasini ko’rib chiqadi. Xususan, armiyani moliyalash, xavfsizlik tizimini isloh qilish haqida gap ketadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham bugun Ukrainadagi mojaro va talofatlardan xavotir bildirib chiqdi.

AQSh rahbari Barak Obama kecha Rossiyani Ukrainaning hududiy yaxlitligiga raxna solganlikda aybladi. Uning aytishicha, Amerika bunga harbiy jihatdan bosh suqmaydi, lekin Moskva qo’shimcha iqtisodiy sanksiyalar bilan jazolanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG