Breaking News

Isroil va arab davlatlari yadrodan xoli zona xususida muzokarada


Yukiya Amano, Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma rahbari
Yukiya Amano, Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma rahbari

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma Vena shahrida Yaqin Sharqni yadro qurollaridan xoli zonaga aylantirish xususida Isroil va ayrim arab davlatlari ishtirokida muloqot o'tkazmoqda. Reja amalga oshmaydigan ko'rinsa-da, munozalarning bo'lgani yaxshi, deydi kuzatuvchilar.

Agentlik bu majlisni uyushtirish uchun 11 yil sarfladi. Boshqarma rahbari Yukiya Amanoning aytishicha, xalqaro hamjamiyat mintaqani yadro qurolidan tozalash fikrini qo'llab-quvvatlaydi.

"Biroq Yaqin Sharq davlatlari o'rtasida rejaga munosabat turlicha. Mintaqadagi atom loyihalarini nazorat etish borasida yondashuv bir emas".

Yadrodan xoli zona g'oyasi yangi emas. Jami 113 mamlakatni o'z ichiga olgan besh hudud - Lotin Amerikasi, Qarib dengizi hududi, Afrika, Tinch okeani mintaqasi va Osiyoning bir qismi shular qatoriga kiradi. Yaqin Sharq esa muammoli zonadir.

Isroil regionda Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimga imzo chekmagan yagona mamlakatdir. Yadro qurollariga ega davlat deb kelinadi, ammo uning o'zi buni rasman tan olmagan.

Isroil Yaqin Sharqda keng qamrovli tinchlik kelishuvi bo'lsagina bitimni imzolashini aytadi. Falastin bilan haligacha tinchlikka erishilmagan. Ustiga-ustak G'arb Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblaydi.

Londonlik tahlilchi Malkolm Chalmersning aytishicha, agar mintaqada qurollar nazorat etilmasa, Eron atom qurolini yaratsa, 20 yildan keyin Yaqin Sharqda yadroviy davlatlar ko'payadi.

Shu sabab uning nazarida Venada o'tayotgan tadbirning ahamiyati katta, chunki unda Isroil bilan birga ishtirok etayotgan ayrim arab mamlakatlari Eron kabi yahudiy davlatini hatto tan olmaydi ham. Agentlikni G'arbning malayi deb biluvchi Eron ikki kunlik tadbirni boykot qilmoqda.

Forumda ishtirok etgan Suriya rasmiysining aytishicha, mintaqada eng katta tahdid Eron emas, Isroil va uning yadro arsenali. Arab davlatlari ko'pdan beri Isroilni Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimni imzolab, o'zida atom qurollari borligini rasman tan olib, BMT inspektorlarini mamlakatga kiritishni talab qilib keladi. Isroil avval tinchlik, keyin bitim, deydi.

Isroilning yadro masalalari bo'yicha vakili o'rinbosari Deyvid Danielning aytishicha, yadrodan xoli zona masalasi haqida mintaqada tinch va normal aloqalar mavjud bo'lsagina, davlatlar bir-biridan hayiqmasagina, o'rtada ishonch bo'lsagina gaplashish mumkin.

Ba'zi tahlilchilar Yaqin Sharqda rejani amalga oshirish mumkin emas deyishiga qaramay, Chambers bashorat qilish qiyin, deydi. Masalan, Arab bahori bo'ladi deb hech kim oldindan o'ylamagan.

"Shu bilan birga Arab bahorining o'zi ham ko'p narsani chalkashtirib yubordi. 10 yil u yoqda tursin, Yaqin Sharqda kelasi olti oyda vaziyat qanday bo'lishini bila olmaymiz. 3-4 yil oldin xayolga kelmagan narsalar haqida, balki, gaplashish vaqti kelgandir", - deydi Chalmers.

Bu kabi forum kelasi yil Finlandiyada ham o'tishi rejalangan.

Venada esa diplomatlar shu paytgacha yadrodan xoli zona deb rasman tan olingan hududlar tajribasini Yaqin Sharqqa nisbatan qo'llash mumkinmi, yo'qmi, munozara qilmoqda.

Yadrodan xoli deb e'lon qilingan zonalarda atom qurollarini yaratish, saqlash va sinovdan o'tkazish man etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG