Breaking News

Nyu-York shahrida 146 million dollarlik firibgarlik fosh etildi


Kristina Mirbabayeva (chapdan), uning eri Aleksandr Kopenkin va onasi Irina Fedorova firibgarlik orqali katta boylik orttirgan, deydi politsiya (Jesse Ward/New York Daily News)

Nyu-York Bruklin tuman prokuraturasiga ko'ra, o'zbekistonlik Kristina Mirbabayeva boshchilik qilgan jinoiy guruh tibbiy sug'urta dasturlarini suiiste'mol qilib, millionlab dollar pul o'margan.

Tergovchilar bayonotida qayd etilishicha, tibbiy xizmatga muhtoj bo'lmagan odamlardan keraksiz analizlar olingan. Jinoiy ishga bir nechta doktor va tibbiyot muassasalari ham aralashgan.

35 yoshli Mirbabayeva, uning turmush o'rtog'i Aleksandr Kopenkin va onasi Irina Fedorova shifokorlar, klinikalar va "bemor" yollovchi boshqa shaxslar bilan til biriktirib, tibbiy sug'urta dasturlaridan pul o'marish bo'yicha jinoiy sxema ishlab chiqqan. Natijada 2015-yilning yanvaridan 2017-yilning noyabrigacha 146 million dollar mablag' o'g'irlangan, deyiladi ayblov hujjatida.

Prokuraturaning bildirishicha, shifokorlar uchun odam yollash bilan shug'ullangan shaxslar arzon oshxonalarga, ish topish markazlariga borib, davlatdan tibbiy sug'urta oluvchi odamlarni shifoxonaga borib tibbiy analizlar topshirishga undagan. Bunga rozi bo'lganlarga 40 dollargacha pul to'langan.

Huquq-tartibot organlariga bu haqda informatsiya kelib tushgach, voqeani tekshirish uchun gumon ostidagi klinikaga maxfiy odam jo'natilgan.

"Maxfiy vakilimiz ofisda bir soat vaqt o'tkazgan va bu orada 18 ta analiz uchun hisob-kitob qilingan. Aslida bu testlar 12 soat vaqt oladi", - deydi Bruklin tumani prokurori vazifasini bajaruvchi Erik Gonzales.

Jinoyatga aralashgan shifokorlardan biri xirurg Robert Vakkarino nomiga 8000 ta analiz jo'natilgan va u o'tgan davr mobaynida 1 378 210 dollar mablag' ishlagan. Vakkarino Nyu-York shahar politsiyasi xodimlarini davolovchi shifokor ham bo'lgan.

Mirbabayeva va Kopenkin Bruklin markazidan 3,25 million dollar naqd pulga hashamatli kvartira sotib olgan. Shuningdek, sud hujjatlarida yozilishicha, ular dabdabali hayot kechirgan, qimmatbaho buyumlar sotib olishga o'ch bo'lgan.

Prokurorlar jinoiy guruhga aloqador 130 bank hisobini muzlatib qo'ygan. O'marilgan mablag'ni davlatga qaytarish ustida ish olib borilayotgani aytilmoqda.

Agar bu jinoyatlar isbotini topsa, ayblanuvchilar 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG