Breaking News

Masjid mashmashasi davom etmoqda


Prezident Barak Obama Nyu-Yorkda 2001 yil 11 sentyabr voqealari ro’y bergan manzil yaqinida islomiy markaz qurish tashabbusini qo’llab-quvvatladi.

Rejaga qarshilar esa borgan-sari jahl o'tiga minmoqda. Biroq Amerika ozodlik va diniy erkinlik kuychisi, demak har qanday tashabbus, loyiha bunyod etilishga haqli deydiganlar ham bo’sh kelmayapti.

Islomiy markaz va masjid Nyu-Yorkda, mash’um 11 sentyabr halokati ro’y bergan kvartalda qad ko’taradi. Ikki baland imorat – Jahon Savdo Markazi bir paytlar mana shu atrofda edi. Al-Qoidaga a’zo musulmon jangarilar AQSh samolyotilarini olib qochib, binoga urgan, qariyb 3 ming odamning yostig’ini quritgan edi.

Dastlavval, prezident Barak Obama islomiy markaz atrofidagi bahsdan chetroq turishni ma’qul ko’rdi. Masala Nyu-Yorkda hal qilinishi kerak edi.

Ammo o’tgan hafta Obama nihoyat Oq Uyda bu haqda so’z ochib qoldi. Prezident Ramazon oyi munosabati bilan tuzalgan bayram dasturxonida – iftor paytida gapirdi.

“Fuqaro va prezident sifatida aytamanki, musulmonlar hamma qatori erkin e’tiqod qilishga haqli. Ular erkin yurtda yashamoqda. Demakki, Manxettenning istagan yerida, qonuniy asosda ibodat qilish uchun machit va jamoat markazi qurishi mumkin. Bunga ularning haq-huquqi bor”,- deydi u.

Prezident ko’plar uchun tabarruk bu yerda masjid qurilishiga qarshilarni, ularning hissiyotini tushunaman, deydi. Ammo al-Qoida deganda islomni tushunmaslik lozim, Amerika diniy erkinlikka sodiq ekanini isbotlashi darkor, deydi prezident.

Obamaning so’zlari ommani hovuridan tushira olmagan ko’rinadi.

Nyu-Yorkda, Manxettenda shu kunlarda namoyishlar tinmayapti. Uni tashkil qilgan – “AQShni islomlashtirishni bas qiling” nomli guruh.

“Prezident 11 sentyabrda yaqinlaridan ayrilgan kishilar dodini pisand qilmayapti”,- deydi Pamela Geller, bu guruh yetakchisi.

Ayrimlar islomiy markaz qurilishiga qarshi emas. Lekin ektremist tashkilotlar shu tariqa g’alaba qildik deb o’ylab qolmasmikan, deydi ular.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi vakili Nihad Avad bu xavotir o’rinsiz deydi.

“Agar markaz qurilmasa, terrorchilar, ektremistlar g’alaba qiladi. Amerikadagi musulmonlar barcha qatori teng imkoniyat, haq-huquqqa ega ekanini ko’rsatib qo’yish kerak ularga”.

Masjid qurish rejasi ancha vaqt e’tiborsiz qolayotgan edi. Ammo jamoat arboblari, nufuzli siyosatchilar tanqid bilan chiqqach, munozara yanada avj oldi. Shu yil Nyu-Yorkda markazidagi "Tayms" maydonida pokistonlik shaxs xuruj rejalab, qo’lga tushgan edi. Tanqidchilar mana shu voqeaga qo’lini bigiz qilib vahima qilmoqda.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Amerikada 70 foiz aholi mazkur machit loyihasiga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG