Breaking News

Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi kichik BMT


Bruklin ko'prigi, Nyu-York
Bruklin ko'prigi, Nyu-York

Karmen Farina - kansler, Nyu-York shahar meriyasida ta’lim uchun mas’ul rasmiy. U maktabda, birinchi sinfda ingliz tilini bilmas edi. Shu sababli oradan yillar o’tib, kansler lavozimiga tayinlangach, Farina ingliz tilida gapirmaydigan muhojir bolalar uchun yangi tashabbus boshladi.

“Men maktabga chiqqan paytlarim esimda. Ingliz tilini bilmagan bola jim yurardi, ko’zga ko’rinmay. Shu sababdan birinchi ikki hafta davomida o’qituvchi meni sinfda yo’q deb o’ylagan. O’qituvchim mening borligimni bilmagan ham, e’tibor bermagan ham. Bu haqda gapirishim boisi shundaki, boshqa muhojirlarni juda yaxshi tushunaman”, – deydi Farina.

Aynan shu sababli Farina Nyu-Yorkning besh tumanidagi davlat maktablarida o’qiydigan, oilasida ingliz tilida gapirmaydigan 1,1 million bolaga ta’lim berish, boshqalar bilan teng imkoniyatlar yaratishga bel bog’lagan.

Ingliz tilini o’rganish

Yangi tashabbusda Bruklin tumanidagi 217-boshlang’ich maktab alohida o’rin egallaydi. Bu yerdagi 1300 o’quvchidan 60 foizi uyida ingliz tilida gaplashmaydi.

Maktabning hozirgi direktori Franka Konti yetti yoshida ota-onasi bilan AQShga Italiyadan ko’chib kelgan.

“Men bolaligimda muhojirlikni boshdan kechirganim sababli mamlakatga ko’chib kelganlarning qiyinchiliklarini yaxshi tushunaman. Bizning maktabda ular darhol o’zini jamoamizning bir qismidek sezadi, hech kimni ajratib qo’ymaymiz”, – deydi u.

Maktab o’qituvchilari va xodimlari orasida urdu, gaiti-kreol, xitoy, ispan va alban tillarida bemalol so’zlaydiganlari bor. Yaqinda arab tillari kurslari ochildi. Boshqa tillarda gapiradiganlarga ota-onalar yordamlashadi yoki talabga qarab professional tarjimonlar yollanadi.

O’quvchilar ingliz tilini tez o’rganadi. Bunda ota-onalar roli katta.

Ota-onalar roli

Maktabning ota-onalar uyushmasi rahbarlaridan biri Tazin Ozodning ikki farzandi shu maktabda o’qiydi – biri ikkinchi, boshqasi to’rtinchi sinfda.

Bangladeshlik muslima boshqa musulmon ota-onalarni yaxshi tushunadi, doim yordam berishga tayyor.

“Bolalar uchun qulay, ijobiy muhit yaratilgan. Albatta, bola uchun eng muhimi – uy, oila. Maktab esa ikkinchi o’rinda. Lekin biz bolalar maktabda o’zini uydagidek sezsin deymiz”, - deydi Tazin Ozod.

Jon va Stefani Stislovlarning ikki qizi maktabda o’qiydi. Ota-ona ko’ngilli o’qituvchi. Beshinchi sinf bolalariga grafik dizayndan dars beradi, mehnati uchun pul olmaydi.

“Qizlarimiz maktabni juda yaxshi ko’radi. Bu yerda turli o’lkalardan kelgan bolalar borligi ham ijobiy hol. O’qituvchilardan, to’garaklardan juda mamnunmiz”, - deydi Stefani.

Ron Russo - advokat. Har juma shaxmatdan dars beradi. O’g’li bu maktabni 30 yil avval bitirib ketgan.

“217-maktab butun dunyoga o’rnak bo’la oladi. Hamma bolalar bir-biri bilan do’st. Bu yerda birdamlik hissi kuchli”, – deydi u.

Mukammal o’qish dasturi

Maktabda o’qish, matematika va san’atga alohida e’tibor beriladi. Bolalar 25 xil to’garakka qatnashi mumkin. U yerda bolalarni ota-onalar o’qitadi yoki o’qituvchilarga ko’maklashadi.

“San’at, musiqa, raqs, teatr, moda to’garaklarida qatnashgan bolalar maktabga tez o’rganadi, do’st orttiradi, yangi bilim olib, qobiliyatlari rivojlanadi”, - deydi maktab direktori.

“Biz bolalarga mehr beramiz, o’z farzandimizdek qaraymiz. Jismoniy va ruhiy jihatdan kamol topsin deymiz. Biz ular bilan farxrlanamiz, buni bilishadi”, - deydi Konti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG