Breaking News

Obama Osiyo bilan har tomonlama hamkorlikka shay


Kambodja, 20-noyabr, 2012
Kambodja, 20-noyabr, 2012
Osiyoga safar qilgan prezident Barak Obama ikki yetakchi davlat, Xitoy va Yaponiya, rahbarlari bilan alohida muzokaralar olib bordi.

Obama-Xitoy-Yaponiya/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00
Yuklab oling

Amerika dunyoning bu qismlariga e’tiborni oshirmoqda. Hamkorlikni mustahkamlash – zamon talabi, deydi Obama.

Obama prezidentlikka qayta saylanganidan beri birinchi uchrashuv… Amerika va Xitoy bir-biriga juda ham kerak, deydi rahbarlar. O’tgan to’rt yil ichida Obama va Ven Siabao besh bora ko’rishdi.

Dunyoning ikki yirik iqtisodiy tizimini boshqarayotgan bu insonlar bo’yniga global ahamiyatga ega vazifalar yuklangan. Inqirozdan chiqish qiyin kechmoqda, deydi Obama, vaziyat hamon tang.

“Ikki davlat yaqindan ishlashi, moliyaviy kelishmovchiliklarni bartaraf etib, savdo va sarmoyani kengaytirishi lozim. Raqobat o’z yo’liga, ammo farovonlik va o’sishni ta’minlashda bir-birimizga tobemiz”.

Xitoy tomon ham shu fikrda. Pekin Obama qayta saylanganidan mamnun, deydi Ven Siabao. Nafaqat Osiyo-Tinch okeani bo’ylab, balki butun dunyo tinchligi va iqtisodiy barqarorligi Amerika va Xitoy qo’lida, deydi u.

Sharqiy Osiyo sammitida ishtirok etgan Obama Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda bilan ham alohida muloqot qildi.

AQSh Tokio va Pekinni Xitoy dengizining sharqiy qismidagi orollar taqdirini tinch yo’l bilan hal etishga undamoqda.

Safar Obama uchun Osiyoga nisbatan siyosatni tushuntirish imkoniyatini berdi. Prezident bunga qanchalik muvaffaq bo’ldi, hozircha xulosa qilish qiyin. Shunisi aniqki, omma va rahbarlar uni diqqat bilan kuzatdi va o’z talab-istaklarini bildirdi.

Obama Birmadan turib, jumladan shunday dedi:

“AQSh – Tinch okeani davlati. Kelajagimiz va ravnaqimiz siz bilan bog’liq. Iqtisodiyotimiz astalik bilan yana oyoqqa turar ekan, hamkorlikni kengaytirishga shaymiz. O’tgan o’n yillikda asosiy e’tiborimiz urushlarda bo’ldi. Lekin kelayotgan yillarda biz Osiyo-Tinch okeanida faollikni oshiramiz. Maqsad – tinchlik va farovonlik”.

Xitoy Amerika uchun Yevropa Ittifoqidan keyingi eng yirik biznes sherik. Qo'shma Shtatlar Xitoy mollarining eng katta iste'molchisi.

Oradagi asosiy kelishmovchilik shuki, Xitoy o'z puli qiymatini sun'iy ravishda past ushlab turibdi. Valyuta bahosini hukumat emas, bozor belgilashi kerak, deydi Vashington rasmiylari.

Pekin pozitsiyasi shuki, uning mahsulotlariga talab oshib bormoqda va yuan qiymati uning uchun muammo emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG