Breaking News

Obama shtatlarni kezib, iqtisodiy siyosatini tushuntiryapti


Prezident Barak Obama turli shtatlarni kezib, Amerika iqtisodiyotini oyoqqa turg’azish harakatlarini ommaga tushuntirmoqda.

U Illinoys shtatining Geylsburg shahridagi bir kollejda nutq so’zlab, o’rta sinf va kambag’al qatlam farovonligini ta’minlash uchun bor kuchini ishga solishini aytdi.

“Oq uy rahbari sifatida yana uch yildan oshiq vaqtim bor. Buning har bir daqiqasini iqtisodiy muammolarni hal qilishga bag’ishlayman”, - deydi Obama.

AQSh prezidenti shu hafta va kelasi oylar ichida iqtisod mavzusida qator chiqishlar rejalagan. Uning ta’kidlashicha, muxolifat a’zolari, Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar partiyabozlikka berilib, eng sara tashabbuslarni ham to’xtatyapti.

“Siz saylagan vakillar bo’lar-bo’lmas loyihalar ustida janjallashib, tortishib, eng muhim loyihalar chetda qolib ketayapti. Tarafkashlikni bas qiling”, - deya undadi Barak Obama.

Mamlakat infratuzilmasini ta’mirlash, soliq va ipoteka tizimlarini soddalashtirish, ta’lim islohoti, eng kam ish haqini ko’tarish va sog’liqni saqlash sistemasini tubdan yangilash kerak, deydi u.

Siyosatshunos Stiv Bell so’zlariga ko’ra, ayni paytda amerikaliklarning yarmi amaldagi siyosatdan norozi. Ular bir necha yildan beri ahvol o’zgargani yo’q, deb hisoblaydi.

“Prezident iqtisodiy o’sish haqida ko’p gapiradi, lekin buning mevasi ishchi-mehnatklashlarga, o’rtahol oilalarga yetib bormayapti”, - deydi Stiv Bell.

Obama olg’a surayotgan taklif-tashabbuslarga Respublikachilar partiyasining qarshiligi har qachongidan kuchli. Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel deydiki, prezident odamlar qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirmoqda.

“Davlat rahbari vaqtini behuda sarflayapti. Undan ko’ra Kongressdagi har ikki partiya bilan maslahatlashib, odamlarni ish bilan ta’minlash haqida o’ylasin”, - deydi senator.

Qonunchilar kelasi oy ichida soliqlar va byudjet xarajatlari borasida kelishib olishi zarur. Prezident Obama muhokamalar oldidan Kongressga bosimni oshirmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG