Breaking News

Obamaning arab ittifoqchilar bilan uchrashuvidan xulosalar


Oradagi ziddiyatlarga qaramasdan, Qo’shma Shtatlar va Fors ko’rfazi davlatlari Yaqin Sharqda barqarorlikni tiklash uchun birgalikda ishlashga kelishib oldi.

Saudiya Arabistonida o’tgan yig’inda Suriya, Yaman, Iroq va Liviyadagi vaziyat muhokama etildi. Mintaqa xavfsizligi AQSh uchun muhim, deydi Prezident Barak Obama.

Riyoddagi sammit yakunida AQSh va Fors ko’rfazi mamlakatlari mintaqadagi mojarolar yuzasidan hamkorlik qilishga yana bir bor so’z berdi.

“Qo’shma Shtatlar Fors ko’rfazidagi manfaatlarini ta’minlash uchun butun kuch-qudratini ishga solib keladi. Yaqin Sharqdagi ittifoqchi va hamkorlarimizni tashqi agressiyadan himoya qilamiz”, - deydi prezident Obama.

Yig’in kun tartibidan o’rin olgan mavzular - region barqarorligi, “Islomiy davlat” va al-Qoidaga qarshi kurash, Eronning Yamandagi isyonchilarga yordami, buzg’unchilik deb ko’rilayotgan harakatlari.

AQSh al-Qoida va “Islomiy davlat”ni eng katta xavf deb biladi, Saudiya Arabistoni va boshqa arab davlatlari esa Eronni.

“Muammo shundan iboratki, Amerikaning regiondagi manfaatlaridan kelib chiqqan holda o’ziga yarasha prioritetlari bor. Ittifoqchilarimiz muhim deb bilgan masalalar bizniki bilan doim ham mos tushavermaydi”, - deydi tahlilchi Entoni Kordesman.

Sunniy hukumatlar Vashington va Tehron o’rtasida kechayotgan muzokaralardan chuqur norozi.

“Eronning provokatsiyalariga birgalikda javob qaytarish lozim, bu borada hamfikrmiz”, - deydi Obama. Ammo yadroviy kelishuv ustida muzokara qilganimiz, bu programmani cheklash maqsadida kechgan muhokamalar Tehronni haddidan oshiradi degan xavotirlardan xabardormiz, dedi AQSh rahbari.

Obamaning Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bilan muloqoti “konstruktiv” deya ta’riflanmoqda.

Fors ko’rfazi davlatlar “Islomiy davlat” va al-Qoidaga qarshi kurashda faolroq bo’lishga va’da bermoqda. AQSh ularga maxsus kuchlarni tayyorlashda ko’maklashadi.

Ammo urush va mojarolarga tortilgan mintaqada qanday qilib tinchlik o’rnatish borasida biror aniq gap aytilmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG