Breaking News

Prezident Obama: Bo’sh raqib sifatida ko’rilayotganimni bilaman


Prezident Obama: Bo’sh raqib sifatida ko’rilayotganimni bilaman
Prezident Obama: Bo’sh raqib sifatida ko’rilayotganimni bilaman

Amerikada kelasi yil prezident saylovlari. Amaldagi rahbar Barak Obama ikkinchi muhlatga saylanishi qiyin ekanini tan olmoqda.

Obama fikricha, bugun Amerika xalqi og’ir bir davrni boshdan kechirmoqda.


“Rahbarlikka kelganimdan buyon oilalar moliyaviy jihatdan qaddini rostlab ulgurmadi”, - dedi prezident “Ey-Bi-Si Nyuz” (ABC News) muxbiri Jorj Stefanopolos bilan suhbatda.

Ishsizlik 9,1 foizda, Amerika uchun juda yuqori daraja.

“Iqtisodiyotni ko’tarish uchun tinimsiz ishlayapmiz. Sekin, ammo muntazam ravishda oldinga siljimoqdamiz”, - dedi prezident.

AQSh rahbari vaziyatni yaxshilash va ish o’rinlari yaratish yo’lida 447 milliard dollarlik loyihani olg’a surgan.

Kongressni uni ma’qullashga chaqirar ekan, Obama bu dastur bilan qariyb ikki million odam ishli-joyli bo’ladi, deydi. Lekin muxolif Respublikachilar partiyasi “ortiqcha xarajat va hukumat cheklovlariga qarshimiz deb” loyihani to’laligicha tasdiqlashi gumon.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Barak Obamaning reytingi pastlab, ko’pchilik, ya’ni so’ralganlarning 55 foizi nazarida 2012-yilgi saylovda u mag’lub bo’ladi.

Barak Obama hozirda bo’sh, zaif raqib sifatida ko’rilayotganini tan oladi.

“G’alaba qilishi shubhali degan ta’rifga o’rganib qolganman. Lekin oxiq-oqibat odamlar xolis xulosa qiladi. Amerika taraqqiyoti, oilalar farovonligi haqida konkret reja bilan chiqqan arbobni tanlaydi”, - dedi Barak Obama.

Respublikachilar bilan kelishmovchilik borasida to’xtalar ekan, demokrat prezident muxolifatni qaysarlikda aybladi. “Ekstrim qarshilikni qurol qilgan partiya hamkorlikka yo’q deb oyoq tirab olgan”.

Prezident ommaga xavfsizlik sohasidagi yutuqlarini eslatmoqda.

Al-Qoidaga qarshi kurashda AQSh bu yili ulkan g’alabalarga erishdi, deydi Obama, Osama bin Laden va Anvar al-Avlakiy kabi terror yetakchilari endi yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG