Breaking News

Prezident Obama Eron bilan erishilgan bitimdan mamnun


Oq uyda so'zlagan Barak Obamaning aytishicha, bitimga ko'ra, Eron yadro dasturi keskin cheklanadi va izchil xalqaro tekshiruvlarga eshiklarini ochib beradi.
Oq uyda so'zlagan Barak Obamaning aytishicha, bitimga ko'ra, Eron yadro dasturi keskin cheklanadi va izchil xalqaro tekshiruvlarga eshiklarini ochib beradi.

Prezident Barak Obama Eron bilan erishilgan dastlabki kelishuvni tarixiy deya olqishlayapti. Uning aytishicha, bitim ijrosi jahonda tinchlikni mustahkamlaydi va Tehronni yadro bombasi yasash yo'lidan qaytaradi.

Payshanba kuni tuzilgan dastlabki kelishuv Eron va jahondagi olti yirik davlatning Shveysariyada qilgan shiddatli muzokaralari mahsulidir. Tugal hujjat 30-iyulgacha ishlab chiqilishi kerak.

Oq uyda so'zlagan Barak Obamaning aytishicha, bitimga ko'ra, Eron yadro dasturi keskin cheklanadi va izchil xalqaro tekshiruvlarga eshiklarini ochib beradi.

Tehron ham mamnun. Yuzlab eronliklar kecha ko'chalarga chiqib, kelishuvni tantana qilgan. Xalqaro hamjamiyat joriy etgan va iqtisodiyotni bo'g'ib qo'ygan sanksiyalar nihoyat bekor qilinishiga ishonch bor.

Xususan, Eron uranni kamroq boyitishi kutilmoqda. Bu mahsulot ommaviy qirg'in qurolini yasashda qo'l keladi.
Bundan tashqari, Tehron uranni boyituvchi sentrifugalari sonini uchdan ikkiga qisqartirishga rozi. Mavjud boyitilgan uranni esa zararsizlantirishga va'da berdi. BMT inspektorlari Eronning yadroviy obyektlarini muttasil tekshirib boradi. Fordo yadro obyekti bundan e'tiboran uranni boyitmaydi. Shuningdek, Araq reaktorida plutoniy ishlab chiqarish to'xtatiladi.

Obama Kongressda Eron bilan erishilgan bitimga qarshi fikrlar yuzasidan ham to'xtaldi.

Kun tartibidagi masala siyosatdan ustunroqdir, deydi prezident. Urush va tinchlik haqida gap ketayapti. Amerika xalqi va mamlakat xavfsizligi uchun eng ma'qul yechim bilan chiqarmoqchimiz, deydi Obama.

Respublikachi qonunchilar Eronga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishini aytib po'pisa qilayapti. Tehron har qanday yangi jazo choralari erishilgan bitimni bekor qiladi, deya ogohlantiradi.

Eron bot-bot yadro quroli yaratish niyati yo'qligini ta'kidlab keladi. Diniy peshvolar bu kabi qurolni taqiqlab qo'ygan. Lekin shunga qaramay, G'arbdagi tanqidchilar Eronning atom izlanishlari faqat tinch maqsadni ko'zlashiga ishonmaydi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu nazarida Eron bilan erishilgan bitim Isroilning xavfsizligiga tahdiddir. Isroil, mintaqa va jahonga xavf solishi mumkin bu kelishuv, chunki Eronning iqtisodiyotini mustahkamlaydi, uning agressiv xatti-harakatiga yo'l ochib beradi va regionda yadroviy poygalar va urush ehtimolini oshiradi, deydi Netanyaxu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG