Breaking News

Obama va Putin Suriya bo'yicha kelisha olmayapti


Jahon yetakchilari Rossiyada majlis qilar ekan, Katta Yigirmalik AQShning Suriyaga havo hujumlari uyushtirish rejasi yuzasidan hamon tarqoq.

Rossiya rahbari Vladimir Putin mezbon kechki yig’inda Suriya ixtilofini tugatish yo’llari muhokama qilingan, ammo taraflar bir to’xtamga kela olmagan. Amerika, Fransiya, Britaniya, Turkiya va Saudiya Arabistoni harbiy aralashuv lozim, deb hisoblaydi.

Chetdan agressiya amalga oshirilgan taqdirda Rossiya Suriya hukumatiga yordam beradimi, degan savolga Putin:

"Ha. Suriyaga madad beramiz", - deya javob qilgan. Rossiya hozirning o'zida Yaqin Sharqdagi bu ittifoqchiga qurol-aslaha, iqtisodiy va insonparvarlik yordami uzatib keladi, deya eslatgan Putin.

Suriya hukumati aholiga qarshi zaharli modda ishlatgani haqidagi da’volar ketidan AQSh prezidenti Barak Obama jazo chorasini olg’a surdi va xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlovini qidirayapti.

Obama bugun Xitoy prezidenti Shi Zinpin bilan ko’rishgan. Rasmiy Pekin havo hujumlariga qat’iyan qarshi. Xitoy va Suriyaning asosiy ittifoqchisi Rossiya avvalroq BMT Xavfsizlik kengashida Assad hukumatini bosim ostiga oluvchi rezolyutsiyani to’sgan edi.

Kreml fikricha, Assad rejimi o’tgan oy Damashq yaqinida kimyoviy qurolni ishlatganini tasdiqlovchi dalillar yo’q. O’sha hamlada yuzlab odam halok bo’lgan edi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun jahon hamjamiyatini shoshmaslikka undadi. “Suriya havodan o’qqa tutilsa, urush yanada chuqurlashsa, oqibati qo’rqinchli bo’ladi. Mazhablararo adovat yanada kuchayishi mumkin”, - dedi Pan Gi Mun.

Prezident Obamaning aytishicha, jahon liderlari Suriyadagi ahvol naqadar og’ir ekanini ko’rib turibdi va qo’l qovushtirib o’tirish mumkin emasligini tushunmoqda. Oq uy rahbari vatanga qaytib, seshanba kechqurun Amerika xalqiga murojaat qilishi va Suriyada harbiy amaliyot zaruratini tushuntirishi kutilayapti.

Obama so’zlariga ko’ra, yirik davlatlar tez orada bu borada o’z pozitsiyalarini e’lon qiladi. Hozircha AQSh va Fransiya qurol ishlatish tarafdori.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron nazarida ba'zida BMT Xavfsizlik Kengashining ruxsatisiz qaror qabul qilish kerak bo'lgan paytlar bo'ladi.

"O’z aholisining yarmi yoki undanda ko’pini o’ldirayotgan hukumat bilan yuzlashib, faqat BMT Xavfsizlik Kengashi ijozati bilan biror chora ko’ramiz, desak, unaqada o’z tashqi siyosatimiz, insoniy-axloqiy tamoyillarimizni Rossiyaning vetosiga bog’lab qo’ymaymizmi? Bu juda bir yanglish yondashuv”, - deydi Kameron.

Vladimir Putinning aytishicha esa Suriyaga uyushtiriladigan har qanday havo hujumi “jinoyat”dir. Damashq yaqinida kimyoviy qurolni qo’llagan aslida xorijdan yordam olayotgan isyonchilar, dedi Putin bugun jurnalistlar bilan o’tgan uchrashuvda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG