Breaking News

Obamaning e'tibori asosan iqtisodda


Çin
Çin
AQSh rahbari mamlakatni kezib, shaharu qishloqlarda bo’lib, o’rta sinf vakillari bilan uchrashmoqda. Uning fikricha, bu qatlam uchun imkoniyatlarni kengaytirish hozirgi asosiy vazifa. Barak Obama Viskonsin, Tennessi, Merilend va Pensilvaniya shtatlarida yangi tashabbuslarini tanishtirdi.

Obamaning asosiy diqqati iqtisodda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:15 0:00
Yuklab oling

Prezident Obama Pensilvaniya shtati Pitsburg shahridagi po’lat zavodida ishchilar bilan uchrashib, mehnatkashlarning maoshi past ekanini fojia deya ta’rifladi.

“Prezident sifatida men hukumat bilan shartnoma tuzgan kompaniyalardan maoshni ko’tarishni, soatiga eng kam ish haqi 10 dollar 10 sent bo’lishini talab qila olaman. Shunga buyruq berdim. Davlat sizning xizmatingizdan foydalanayaptimi, demak, munosib haq to’lashi kerak. Nega qashshoqlikda yashashingiz kerak?”

Bir yarim ming ishchiga murojaat qilar ekan, Obama ularga keng imtiyozlar berilishi, nafaqaga chiqqanida yetarli haq olishini ta’kidlab, afsuski, hamma amerikaliklar ham bu ahvolda emas, dedi. Oq uy yangi pensiya tizimini yo’lga qo’ymoqda. Ishchilar uchun yangi bir hisob. Hukumat 1 dollarga 1 dollar qo’shadi.

“Farmonga imzo chekish arafasidaman. Moliya vaziri Jek Lu uning ijrosi uchun javobgar. Har bir amerikalik pensiyaga chiqqanida bemalol yashay olishi uchun hozirdan pulni ayab olib qo’yishi kerak. Hukumat sizga bu borada ko’maklashadi”, - deydi prezident.

Kongress zarur qonunlar qabul qilishini kutmay harakat qilamiz, deydi Obama. Prezident yetarli vakolatlarga ega.

Merilend shtatidagi supermarketda so’zlagan rahbar bu yerda ishchilar soatiga 10 dollardan kam haq olayotganidan afsus bildirdi. Bizneslarni mehnatni qadrlashga chaqirdi.

Respublikachilar prezident Obamaning bu chiqishlarini tanqid ostiga olib, uni bizneslarga bosim o’tkazayotganlikda va shu tariqa Amerika iqtisodiyotini zaiflashtirayotganlikda ayblaydi. Bizneslar kengaysa, ish o’rinlari ko’payadi, deydi konservatorlar. Obama undan ko’ra soliqni kamaytirsin, deya undamoqda Jon Kornin, Texas shtatidan saylangan senator. Prezident o’zboshimcha, deydi u.

“Konstitutsiya prezidentga bunchalik vakolat bermaydi. U bilganini qila olmaydi. Organlar orasida muvozanat ta’minlanishi shart. Obama Kongres ruxsatisiz ham ishni eplayman deb o’ylasa, xato qiladi. Takliflar muhokama qilinishi va qonunchilar uni ovozga qo’yishi lozim. Xatolarga yo’l qo’yilmasin”,- deydi senator.

Prezidentning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchilaridan biri Ben Rouds deydiki, tashqi siyosatdagi asosiy yo’nalish hamon terrorizmga qarshi kurash. Iroq va Afg’onistondagi urushlar tugasa-da, kontr-terrorizm amaliyotlari, maxsus harakatlar to’xtab qo’lmaydi.

“Al-Qoida ancha yemirilgan, lekin hamon tahdid solib kelmoqda. Bu tizim Afg’oniston va Pokistonda avvalgi kuchiga ega emas, ammo dunyoning boshqa qismlarida ildiz otishga urinmoqda”,- deydi Rouds.

Amerika ekstremizm va terrorizmga qarshi boshqa davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytiraveradi, lekin katta qo’shin tortish yo’lidan bormaydi, deydi rasmiy. Yaman, Iroq va Mali hukumatlari bilan, masalan, maxsus dasturlar ishlab chiqilgan va operatsiyalar avjida.

Bu yil Eron va Yaqin Sharqdagi jarayonlar, ular bilan bog’liq muzokaralar ham asosiy o’rinda tursa, ajab emas. Osiyoga ham e’tibor oshmoqda. Xavfsizlik bo’yicha hamkorlik qatorida demokratiya targ’iboti ham turibdi, deydi prezident maslahatchisi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG