Breaking News

Xitoy Afg'onistonga yordamni oshirmoqda


Xitoy-Afg'oniston chegarasi
Xitoy-Afg'oniston chegarasi

Xalqaro kuchlar Afg'onistonni tark etar ekan, mamlakat siyosiy hayotida yangi sahifa ochilmoqda. Qo'shni Xitoy o'lka xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo'shish uchun Kobul bilan diplomatik aloqalarni kuchaytirmoqda.

Xitoy-Afg'oniston aloqalari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00
Yuklab oling

So'nggi oylarda Xitoyning Afg'oniston va Pokiston bilan chegaradosh Shinjon viloyatida zo'ravonlik holatlari kuchaygan. Pekin gumoniga ko'ra, Shinjondagi musulmon ayirmachilar qo'shni ikki yurtdagi terrorchi guruhlar bilan aloqada.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Xitoy o'z hududida o'sib borayotgan ekstremizmni qo'shni davlatlaridagi beqarorlik bilan bog'lamoqda. NATO Afg'onistonni tark etar ekan, Pekin buning Shinjondagi vaziyatga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligidan xavotirda.

Yaqinda Pokiston, Afg'oniston va Xitoy rasmiylari, shuningdek, olimlar va boshqa siyosatdonlar Islomobodda yig'ilib, Afg'onistonda barqarorlik o'rnatish masalasini muhokama qildi.

Xitoy elchisi Sun Veydong deydiki, Xitoy Afg'onistonga yordam ko'rsatishda davom etadi.

"Afg'oniston bilan yaxshi qo'shnichilik aloqalarini rivojlantirib, yangi hukumat bilan yaqin hamkorlikda ishlayveramiz. Afg'onistonning yangi davrga silliq o'tib olishida hamda davomiy tinchlik va barqaror taraqqiyotga erishishida Xitoy xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashga tayyor", - dedi Xitoy elchisi.

Xitoy rasmiysi, shuningdek, Afg'oniston bilan aloqalarni yaxshilab, do'stona muhit yaratishga qo'shayotgan hissasi uchun Pokistonni maqtadi.

"Xitoy, Afg'oniston va Pokiston o'rtasidagi uch tomonlama munosabatlarda yangi imkoniyatlar paydo bo'lmoqda. Terrorizm, diniy ekstremizm va ayirmachilik hammamizga xavf solayotgan umumiy tahdidlardir. Yaqin hamkorlikni kuchaytirib, bu xavflarni bartaraf etishimiz kerak. Milliy xavfsizlikka oid umumiy manfaatlarimiz yo'lida terrorizm va giyohvandlikka qarshi kadrlarni tayyorgarlikdan o'tkazish bo'yicha Xitoy Pokiston va Afg'oniston bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor", - dedi elchi Veydong.

Afg'onistonning Pokistondagi elchisi Janon Musazoy Xitoy sarmoyasi bilan o'lkada iqtisodiy faoliyat jonlanayotganini aytadi. Unga ko'ra, yangi hukumat qurolli muxolifat bilan davomiy va mazmunli tinchlik jarayonini boshlash ahdida qat'iy.

"Bu yo'lda biz do'stlarimiz va hamkorlarimiz, xususan, Pokiston va Xitoy yordamiga tayanamiz", - dedi u.

Pokiston milliy xavfsizligi bo'yicha bosh rasmiy Sartoj Azizning ta'kidlashicha, Islomobod Tolibonni ortiq qo'llab-quvvatlamaydi. Chunki bu guruhning hokimiyatga qaytishi Pokistonning milliy manfaatlariga ziddir, dedi u.

Aziz, shuningdek, Xitoyning Afg'onistonga berayotgan yordami katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

"Terrorizm, ekstremizm va giyohvandlikning jiddiy tahdid ekanini hammamiz bilamiz va bu tahdidlarga qarshi hamkorlikda kurashishimiz kerak. O'tmishdan saboq oladigan bo'lsak, 90-yillardagi afg'on fuqarolar urushining qayta takrorlanishiga yo'l qo'ya olmaymiz. Bizning fikrimizcha, Afg'onistonda xavfsizlik bo'yicha ham, iqtisodiyotda ham bo'shliq paydo bo'lmasligi lozim", - dedi Pokiston rasmiysi.

O'tgan 10 yil ichida Xitoy Afg'onistonga eng ko'p sarmoya kiritgan davlatga aylandi. Ayni paytda Pekin mamlakat ichki ishlariga aralashishdan o'zini tiymoqda. Lekin, tahlilchilar fikricha, NATO kuchlari mamlakatni tark etar ekan, Xitoy Afg'onistondagi beqarorlikni iqtisodiy taraqqiyoti va ichki xavfsizligi uchun yangi tahdid manbai sifatida ko'ra boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG