Breaking News

Pokiston: Afg'onistondagi xurujlarga aloqamiz yo'q


Islomobod yaqinda yashayotgan afg'on qochqinlari. "Saylovlarni buzishdan bizga nima naf? Afg’oniston bu sinovdan tinchgina o’tib olishini xohlaymiz. Bu davlat barqaror bo’lmasa, Pokiston ham osuda hayot kechirolmaydi", - deydi Pokiston rasmiylari.
Islomobod yaqinda yashayotgan afg'on qochqinlari. "Saylovlarni buzishdan bizga nima naf? Afg’oniston bu sinovdan tinchgina o’tib olishini xohlaymiz. Bu davlat barqaror bo’lmasa, Pokiston ham osuda hayot kechirolmaydi", - deydi Pokiston rasmiylari.
Pokiston: Afg'onistondagi xurujlarga aloqamiz yo'q/Nasiba Tohir lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00
Yuklab oling

Pokiston Afg’onistonda saylovoldi xurujlarga Islomobod aloqador ekani haqidagi ayblovlardan afsusda. Pokiston Kobul va Tolibon o’rtasida murosaga ham yo’l bermayotganlikda ayblab tanqid qilinmoqda. 5-aprelda Afg’onistonda prezident saylovlari.

Afg’on rasmiylari taxminiga ko’ra, Kobulda nufuzli mehmonxonaga hujum va saylov komissiyasi mutasaddilariga hamlalar “ajnabiy josuslar”ning qilmishi. Yakshanba kuni prezident Hamid Karzay AQSh davlat kotibi Jon Kerri bilan telefonlashib, Oq uydan Pokiston razvekasining jilovini tortib qo’yishni so’radi.

Pokistonda tashqi siyosat va davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi Sartoj Aziz ayblovlarni rad etadi. Uning aytishicha, bu Afg’onistonda saylovoldi tortishuv uchun bir bahona.

Aziz nazarida bosh vazir Navoz Sharif Kobul bilan orani yaxshilashga harakat qildi. Pokiston Karzayni tinchlantirishga urindi, Afg’onistonda biror tomonni yoqlamay, o’zga davlat ishlariga aralashmaslik siyosatiga amal qilib keldi.

Rasmiyning aytishicha, bu urinishlar natijasida Afg’onistonda ko’plab partiya va guruhlar o’rtasida aloqa o’rnatildi, sobiq Shimoliy alyans yetakchilari bilan muloqot bor. Lekin oxirgi tanqidlar orani yana taranglashtirgan.

“Afsus, chunki da’volar adolatsiz. Saylovlarni buzishdan bizga nima naf? Afg’oniston bu sinovdan tinchgina o’tib olishini xohlaymiz. Bu davlat barqaror bo’lmasa, Pokiston ham osuda hayot kechirolmaydi. Shu bois hamma ayblovlar qayta ko’rib chiqilishi kerak”, - deydi Sartoj Aziz.

Uning so’zlariga ko’ra, Pokiston Afg’onistonda prezident saylovlariga halaqit bera oladigan har qanday omillarni to’sishga harakat qilmoqda. Kobulda hukumatga kelgan yangi kuchlar bilan Islomobod ishlashga tayyor, deydi u. Suhbatdosh fikricha, prezident Karzayning Pokiston toliblarni murosa stoliga yetaklab kelsin degan sharti oshib tushgan.

“Karzayning o’ylashicha, biz Tolibonga buyura olamiz. Ammo toliblar bilan eng yaxshi aloqada bo’lgan paytda ham, masalan, 11-sentabr xurujlaridan oldin jangarilar o’ziga to’g’ri kelsagina bizga quloq tutgan. Ular hech kimga bo’ysunmaydi. To’g’ri, Pokiston Tolibonga ta’sir qilishga urinishi mumkin, biroq nazorat qilolmaydi. Karzay bajarib bo’lmas talablarni qo’ymoqda”, - deydi u.

Prezident Karzay va uning ma’muriyati Pokiston razvedkasini Afg’onistondagi toliblarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi.

Yakshanba kuni AQSh davlat kotibi Jon Kerri bilan gaplashgan Hamid Karzay qo’shni davlatdan shikoyat qildi. Uning aytishicha, toliblar muzokaraga rozi, lekin Pokiston yetarlicha yordam ko’rsatmayapti. Karzay Vashingtondan Afg’oniston tinchligiga to’sqinlik qilayotgan mamlakatlarni tartibga chaqirishni so’radi.
Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif, Afg'oniston rahbari Hamid Karzay.
Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif, Afg'oniston rahbari Hamid Karzay.

Bu orada, Amerika askarlari yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilmoqda. Ularga tegishli ayrim harbiy aslaha, misol uchun, zirhli transport qo’shni Pokistonga beriladi degan gaplar qanchalik asosli?

“Afg’onistonda qoladigan qurol shu davlatga qarashli ekani shubhasiz. Biroq so’nggi paytda matbuotda ayrim jihozlar Pokistonga o’tadi degan xabarlar paydo bo’ldi. Bular yanglish gaplar. To’g’ri, Pokiston Amerikadan mudofaa bobida yordam olib turadi, chunki o’rtada tegishli kelishuvlar bor. Biroq ayrimlarning xato xulosa qilishicha, uskunaning bir qismi Afg’onistondan yetkazilarmish”, - deydi Sartoj Aziz.

Afg’oniston hukumati qurol-yarog’ Pokistonga jo’natilar ekan degan ma’lumotga keskin e’tiroz bildirdi. Karzay ma’muriyati hatto Oq uydan tushuntirish talab qildi. Amerika armiyasi xabarlar asossiz ekanini, Afg’onistondan Pokistonga qurol yuborilmasligini ta’kidladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG