Pokiston bosh vaziri korrupsiya sabab ishdan ketdi

  • Amerika Ovozi

Pokiston Oliy sudi mamlakat Bosh vaziri Navoz Sharifni lavozimi uchun noloyiq deb topdi va zudlik bilan iste'foga chiqishni buyurdi. Sharif sud qarorining adolatli ekaniga shubha qilishini, ammo unga rioya qilishini bildirdi.

Sharif 2013-yilgi saylov paytida xorijdagi mol-mulki haqida ma'lumot bermaganlikda hamda yolg'on qasam ichganlikda ayblanib, parlament a'zosi bo'lishga noloyiq deb topilgan.

Pokiston konstitutsiyasiga ko’ra, Sharifning hukumati ham tarqatib yuboriladi va Pokiston milliy assambleyasi yangi bosh vazir saylaydi.

AQSh Davlat departamenti rasmiylari vaziyatni mamlakatning ichki ishi deya baholab, jarayon silliq o’tishiga umid qilishlarini bildirdi.

Oliy sud, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashayotgan rasmiylarga Sharifning farzandlari, kuyovi va Pokiston Moliya vaziri Ishoq Dar ustidan olib borilayotgan ishlarni yakunlashni va olti oy ichida hukm chiqarishni so'radi.

Moliya Vaziri Dar ham lavozimidan ozod qilindi.

Sharifning oilasi va atrofidagilar ustidan qo’zg’atilgan jinoiy ish “Panama qog'ozlari” deb nom olgan va ommaga fosh etilgan moliyaviy hujjatlarga borib taqaladi. Ularda bosh vazirning farzandlari xorijda bank hisob raqamlari va mol-mulkka egaligi yozilgan.

Sharif 1990-yilllarda ikki muddat bosh vazir sifatida xizmat qilgan. O'sha davrlarda ham hukumat chuqur korrupsiyaga botganlikda va noto'g'ri boshqaruvda ayblangan edi.

Orada Sharif bir necha yil Saudiya Arabistonida siyosiy qochqin sifatida yashadi. Pokistonga qaytganidan keyin 67 yoshli siyosatchi 2013-yilda uchinchi marta bosh vazirlikka saylandi.

Sharif ayblovlarni tan olmaydi. U o'ziga qarshi fitna uyushtirilgan, deb da'vo qilmoqda. Lekin fitnachi deya biror kimsaning nomini tilga olgani yo’q. Uning tarafdorlariga ko'ra, Pokiston harbiylari qo'llab-quvvatlovidagi sud tuzimi bosh vazirga qarshi va Sharifning harbiylar bilan aloqalari tarang ekani hammaga ma'lum.

Harbiylar esa bu ishga biror aloqasi borligini inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG