Pokiston Afg'oniston bilan chegarani ochdi

  • Amerika Ovozi

Torxam chegara punkti

Bir oy yopiq turgan chegaralar 20-mart kuni ochildi va minglab odam ikki davlatga kirib chiqa boshladi. Pokiston bir oy oldin Kobuldan g'azablanib, bu davlatga o'z eshiklarini qulflagan edi.

Kobul Islomobodni terroristlarni zimdan quvvatlayotganlikda va ularni afg'on zaminini beqarorlashtirish uchun ishga solayotganlikda ayblab keladi. Pokiston terrorizm orqali o'z mintaqaviy hukmronligini ta'minlamoqda, deya noliydi afg'on rasmiylari, Tolibonni moylash bilan o'z kuchini ko'rsatadi.

Islomobod bu iddaolarni butkul inkor etib, terrorizm uning tinchligi uchun ham tahdid ekanini qayd etadi. Bosh vazir Navoz Sharif deydiki, afg'on xalqi bilan inoqlikda yashash Pokistonning ezgu niyatidir.

Chegaralarni qayta ochib, Sharif Afg'oniston hukumatini qo'shni mamlakatga nisbatan ijobiy fikrlashga undamoqda. Bordi-keldi to'xtashidan ikki tomon birdek zarar ko'radi, deydi Sharif.

“Terroristlar chegaraning har ikki tomonida faol. Lekin chegarani yopib qo'ysak, asrlar osha mavjud diniy, madaniy va iqtisodiy rishtalar zarar ko'radi", - deydi Pokiston rahbari.

Chaman chegara punkti
Chaman chegara punkti



Kobul Islomobod qaroridan mamnun lekin aloqalar bu bilan yaxshilanib qolmaydi, deya eslatmoqda.

2600 kilometrlik chegara dunyoda nazorat eng zaif hududlardan biri hisoblanadi. Besh o'tish punkti bor. Tijorat, harbiy maqsadlar hamda oddiy aholi uchun bu darvozalar ochiq turishi nihoyatda muhim.

Fevral oyida Pokistonda amalga oshirilgan terror xurujlarida afg'on jangarilar ayblangan. Islomobod Kobulda dashnomlar yog'dirgach, u tomondan ham o'xshash da'volar qilinib, munosabatlar keskinlashgan va Pokiston chegarani yopgan edi.

Bundan esa qo'shnilar millionlab dollar zarar ko'rgan. Meva, sut, go'sht va boshqa oziq-ovqatlar ortilgan minglab yuk mashinalari chegarada qolib ketib, mahsulotlar nobud bo'ldi. Afg'onistonda narx-navo ko'tarila boshladi. Yetishmovchilik yanada avj oldi.

Afg'oniston-Pokiston chegarasida
Afg'oniston-Pokiston chegarasida

Eng gavjum punktlar - Torxam va Chaman - o'tgan bir yil ichida besh marta yopilgan. Pokiston bu yerda yang inshootlar qurmoqchi, lekin jarayon juda sust.

Pokiston va Afg'oniston tijorat va sanoat palatalari hukumatlarni siyosiy kelishmovchilikni hal etib, savdo va tranzit uchun yo'lni kengroq ochishga chaqirmoqda. Biznes rishtalar va hamkorlik rivojlansa, jangarilarning roli ham pasayadi, deydi tadbirkorlar. Barqarorlikka erishish uchun iqtisodiy imkoniyatlari kengaytirish kerak, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG