Breaking News

Pokistonda hukumatga qarshi kurashayotgan toliblar ikkiga bo’lindi


Pokistonda man etilgan jangari guruh – Tolibon safida bo’linish yuz berdi. Bu esa ijobiy yangilik deya baholanmoqda. Pokiston hukumati olib borayotgan tinchlik muzokaralariga bu qanday ta’sir ko’rsatadi?
Pokiston Toliboni ikkiga bo’lindi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00
Yuklab oling

“Tahrik-e Tolibon Pokiston” 2007-yilda tuzilgan bo’lib, hukumatga qarshi kurashayotgan kichik qurollangan guruhlardan iborat. Ular sodir etgan terror xurujlarida minglab odamning yostig’i qurigan.

Ammo o’tgan hafta “Tahrik-e Tolibon” tarkibidagi muhim bir fraksiya undan ajralib chiqishini e’lon qildi. Fraksiya yetakchisi Xolid Said Sajna deydiki, guruhning odam o’g’irlash va yulg’ichlik orqali o’zini moliyalashi hamda terror amaliyotlariga qo’l urishi islom diniga zid.

Jangarilar safidagi tarqoqlikda Pokiston razvedkasining qo’li bormi-yo’qmi, bilmaymiz. Bo’lginchi guruh hukumat bilan muzokaraga moyilligi ham ma’lum emas.

Harbiy tahlilchi Said Nazir fikricha, bo’linish natijasida Pokiston Toliboni zaiflashdi va natijada uni tinchlikka ko’ndirish ham osonlashsa ajabmas.

Ma’lumki, joriy yil oxirida xalqaro koalitsiya qo’shinlari Afg’onistonda missiyasini yakunlaydi. Kobul va Islomobod uchun bu qo’shimcha mas’uliyat degani. Pokiston armiyasi jangari manzillari hisoblangan chegara hududlar, xususan Shimoliy Vaziristonda nazoratni kuchaytirish harakatida.

Qabilaviy mintaqa azaldan hech kimga bo’ysunmaydi. Harbiy amaliyotlar natija berayapti deyishga hali erta.

Harbiy razvedka idorasi sobiq rahbari, general Ehson ul Haq Pokistonda tartib o’rnatish, barcha mintaqalarni markaziy hukumatga qaratish uchun ozmuncha imkoniyat borligini aytadi.

“Pokiston-Afg’oniston chegarasini jangarilardan tozalash uchun qat’iy choralar zarur. Islomobod terrorizmga ko’z yumayapti degan da’volarga eng yaxshi javob shu bo’ladi”, - deydi general.

Haqiqatdan ham AQSh va afg’on rasmiylari anchadan buyon Pokiston harbiylarini, xususan razvedkasini Tolibon bilan til biriktirganlikda ayblaydi. Ular nazarida, armiya Shimoliy Vaziristonda keng qamrovli harbiy operatsiya o’tkazishga ojizligi ham shundan.

Amerikada elchilik qilgan Maliha Lodi izohicha, o’z territoriyasini idora eta olmagan, o’z qonunlarini tatbiq etishga ojiz mamlakat xalqaro sahnada ham ishonch qozona olmaydi. Na mintaqada, na global maydonda o’z yetakchilik qila oladi.

Yil boshida Bosh vazir Navoz Sharif diplomatiya kuchiga ishonishini aytib, Tolibon bilan muzokaraga kirishgan edi. Tashabbusni qoralab chiqqan fuqaro jamiyati faollariga ko’ra esa tuzumni ag’darishni maqsad qilgan guruh bilan gaplashishdan foyda yo’q.

Buning ustiga, deydi sobiq elchi, Tolibon xavfini bartaraf etishga qaratilgan bu harakatlar effektiv tarzda olib borilmayapti.

“Davlat tizimlari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmayotgani fundamental mummo. Pokistonda tinchlik-osoyishtalikni qanday ta’minlash borasida aniq strategiya yo’q”, - deydi suhbatdosh.

Ayrim ekspertlar nazarida, Pokiston Toliboni bo’linib ketgani qo’shni davlat bilan aloqalarni chigallashtiradi, chunki undan ajralgan guruh Afg’onistondagi jangarilar bilan yaqindan aloqada. Yana bir qarash shuki, jangarilar Pokiston hukumati bilan murosa qila turib, Afg’onistonga otlanishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG