Breaking News

Pokiston Tolibon bilan saylovdan keyin gaplashadi


Pokistonlik toliblar faol Shimoliy Vaziriston mintaqasi, Pokiston, 2011-yil
Pokistonlik toliblar faol Shimoliy Vaziriston mintaqasi, Pokiston, 2011-yil
Pokistondagi muxolif partiyalar va ularning ittifoqchilari koalitsion hukumatdan Tolibonning tinchlik muzokaralari bo’yicha taklifini qabul etishni talab qilmoqda. Ular muloqot boshlansa, parlament saylovlari tinch o’tadi, deya umid qilmoqda. Ammo ba’zi tahlilchilar nazarida, mamlakatda jangarilarga munosabat turlicha ekan, Tolibon bilan tinchlik haqida gapirishga hali erta.

Tolibon oy boshida Pokiston hukumatini tinchlik muzokaralariga taklif qilib, shartlarini videomurojaat ko’rinishida bildirgan edi. Muxolif guruhlar va sobiq bosh vazir Navoz Sharif taklifni olqishlab, hukumatni javob qadamini qo’yishga da’vat etdi.

Rasmiy Islomobod hozircha “ha” ham, “yo’q” ham degani yo’q. Prezidentning matbuot kotibi, senator Farhodulla Boburning aytishicha, hukumat zo’ravonliklarga barham berish maqsadida o’tmishda jangarilar bilan muloqot qilgan.

"Muzokaraga qarshimasmiz. Ammo undan foyda bo’lmasa, Pokiston mafkurasi, Konstitutsiyasi va parlamentiga qarshilik davom etsa, qurol bilan javob berishga majburmiz", - deydi rasmiy.

Pokiston xavfsizlik kuchlari toliblar bilan salkam 10 yildan beri olishib keladi, lekin hanuz ularni afg’on chegarasiga yaqin joylashgan qabilaviy hududlardan tozalashga ojiz.

So’nggi yillarda Tolibonning turli qanotlari bilan kelishilib, ayrim hududlarda zo’ravonliklar o’chog’iga barham berildi. Ammo xalqaro hamjamiyat toliblar nazoratidagi rayonlarda inson huquqlari buzilayotganiga diqqat qaratib, bunday kelishuvlarni tanqidga oldi.

Shunday bo’lsa-da, Pokistondagi asosiy siyosiy islomiy partiyalar jangarilarga nisbatan kuch ishlatilishiga qarshi. Ular toliblar bilan muzokara qilish tarafdori.

Biroq mahalliy matbuot ularning jangarilarga bo’lgan xayrixohligini tanqid qilmoqda. Axborot vositalari nazarida, muxolifat o’z mafkurasini kuch bilan o’tkazishga harakat qilayotgan ekstremistik guruhlarga qarshi kurashda hukumat bilan birlashishi zarur.

Tolibon so’zlovchisining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, guruh hukumatdan o’z taklifiga javob kutmoqda.

"Muzokara taklifiga qaramay kurashni to’xtatmaymiz. Sulh muloqot qanday kechishiga bog’liq", - deydi u.

Mushohid Husayn koalitsion hukumatga kirgan partiyalardan birining a’zosi, Pokiston Senatida Mudofaa qo’mitasini boshqaradi. Uning aytishicha, mamlakat parlament saylovlariga hozirlik ko’rmoqda. Tolibonning taklifiga saylovdan so’ng, yangi hukumat shakllanganidan keyin qaytiladi, deydi u.

"Hozirgi sharoitda amaldagi hukumat uchun jarayonni boshlash oson emas. Jangarilar bilan muzokara mavzusi saylov kampaniyasida ham ko’tarilishi mumkin. Muhimi, parlament va hukumatdagi siyosiy kuchlar muloqot xususida o’zaro kelishib olishi lozim", - deydi rasmiy.

Pokistonlik jangarilar nazarida, ular qo’shni Afg’onistondagi toliblarga qarshi kurashda Vashingtonga sherik bo’lgan mahalliy xavfsizlik kuchlarini nishonga olmoqda. Agar, deydi ayrim islomiy partiyalar va konservativ guruhlar, xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etsa, jangarilar Pokistondagi harakatlarini tugatib, normal hayotga qaytadi.

Pokiston razvedkasida ishlagan Asad Munir fikricha, Tolibon bilan tinchlik muzokaralari terrorizmga barham bera olmasa ham hukumat hech bo’lmaganda ularning asl maqsadini, niyatini o’rganishi mumkin.

"Tolibon aslida nimani xohlaydi? Albatta, ular hokimiyatga intilmoqda, mamlakatni boshqarishni istaydi. Jihod, Afg’onistondagi Amerika kuchlari ularni qiziqtirmaydi. Toliblarning maqsadi boshqa. Muloqot ana shuni yuzaga chiqaradi", - deydi Munir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG