Breaking News

Pokiston Hindiston Afg'onistonda faollashayotganidan bezovta


Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (o'ngda) va Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani, Dehli, 14-sentabr, 2016
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (o'ngda) va Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani, Dehli, 14-sentabr, 2016

Bu hafta Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani Hindistonga tashrif buyurib, Bosh vazir Narendra Modi bilan muzokara olib bordi. 1 milliard dollarlik yordam ustida kelishildi. Hindiston va Afg'oniston jinoyatchilar va terroristlarni bir-biriga topshirish xususida ham til topishdi, deydi rasmiylar.

Qo'shni Pokiston bu bitimlardan norozi va bezovta. Diplomatlarning aytishicha, Kobul va Dehli bir narsani yodda tutishi kerak: Pokiston o'zi hududidan ularning maqsadi yo'lida foydalanishga ruxsat bermaydi. Ikkinchi masala: Afg'oniston Hindiston bilan hamkorlikni kuchaytirar ekan, Pokistonga bergan va'dalarini ham unutmasligi lozim.

Afg'onistonda yurgan to'dalar Pokistonga hujum qilib turadi va Islomobod ularni tutib, jazolashni xohlaydi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan arboblar.

Pokiston
Pokiston

Afg'oniston esa Pokistonni azaldan toliblarning boshini silayotganlikda ayblab keladi. Islomobod buni inkor etadi va chegara hududlarda olib borayotgan harbiy amaliyotlari aynan toliblarga qarshi ekanini qayd etadi.

Pokiston o'ziga nisbatan tahdid deb ko'rgan har bir kuchni yo'q qiladi, deydi rasmiylardan biri.

Kobuldan javob

Afg'on rahbarining matbuot kotiblaridan biri Shoh Hussayn Murtazaviy deydiki, Pokiston do'q qilmasdan jangarilarga qarshi choralarni kuchaytirsin.

"Haqqoniylar tizimi, al-Qoida, Tolibon, Quvayta sho'ro... Bular hamon Pokistonda yashiringan. Bizga kim bilan qanday aloqa qilishni o'rgatmay, Islomobod o'z ishini qilsin",- deydi Murtazaviy.

Pokiston
Pokiston

Pokiston esa terrorchilar uning ham dushmani ekanini eslatib, bu borada AQSh bilan hamkorlikda harakat qilayotganini ta'kidlaydi.

Richard Olson, AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili, nazarida al-Qoida va u bilan aloqador guruhlar bugun ancha yer tishlagan.

"Islomobod ularga zarba berishda davom etmoqda lekin qilinadigan ishlar hali juda ko'p. Pokiston o'z zaminida birorta jangariga joy yo'qligini amalda isbotlashi kerak",-deya undaydi Olson.

Terrorizmga qarshi kurashda Pokiston hal qiluvchi rol o'ynaydi, deydi diplomat.

"AQSh bu borada Islomobodga har kuni eslatadi va uni dadil qadamlar tashlashga undab kelmoqda".

Hindistonning maqsadi

Dehli Afg'onistonga yordam zarurligini biladi va uning taraqqiyoti yo'lida madad ko'rsatmoqchi, deydi hind rasmiylari.

Biroq afg'onlar orasida "yordam" xolis ekaniga ishonch past.

Ayollar hayotini yaxshilash bilan mashg'ul nohukumat tashkilot rahbari Nijla Ayubiy fikricha, na Pokiston va na Hindiston beg'araz ko'mak berishga qodir. Ular Afg'onistonga madad ko'rsatish bahonasi bilan bir-birining asabiga tegib, bir-birini qo'rqitishga urinadi.

"Bizning yurtimiz ular uchun o'yinchoq",- deydi Ayubiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG