Breaking News

Xalqaro kompaniyalar Falastinga yirik sarmoya kiritmoqchi


Ramalloh shahri, G'arbiy Sohil, Falastin
Ramalloh shahri, G'arbiy Sohil, Falastin
Kecha Iordaniyada o’tgan Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etgan AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, jahondagi bir nechta kompaniya Falastin iqtisodiyotiga to’rt milliard dollarlik sarmoya kiritishga qaror qilgan. Kerri nazarida bu Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirishga yordam berishi mumkin.

AQSh davlat kotibi Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyrdan tashabbusga bosh bo’lishni so’ragan. G’arbiy Sohilga sarmoya qilishga rozi bo’lgan kompaniyalar ro’yxati hozircha oshkor etilmagan.

Kerriga ko’ra, buning uchun mutaxassislar guruhi tuzilib, muxtoriyatda turizm, qurilish, yengil sanoat, qishloq xo’jaligi, kommunikatsiya sohalarida imkoniyatlar o’rganiladi. Agar reja o’ylanganidek amalga oshsa, deydi Kerri, Falastin yalpi ichki mahsuloti kelasi uch yilda 50 foizga oshishi, ishsizlik esa 21 foizdan 8 foizga tushishi mumkin.

Uning aytishicha, Falastin prezidenti Mahmud Abbos va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tashabbusni olqishlamoqda.

Forum doirasida Isroil va falastinlik tadbirkorlar siyosiy rahbarlarni tinchlik muzokaralarini jonlantirishga birgalikda da’vat etishga kelishib olgan. Shu maqsadda tuzilgan maxsus guruh asoschilariga ko’ra, 200 dan ziyod arab va yahudiy kompaniyalari rahbarlari bunga rozi bo’lgan.

Forumda Falastin va Isroil prezidentlari ham nutq so’zlab, Mahmud Abbos va Shimon Peres bir-birining qo’lini siqdi.

Peres Abbosni imkon qadar tez muzokara stoliga qaytishga undab, Falastin rahbarini tinchlik uchun hamkor deb atadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG