Breaking News

AQSh Isroil-Falastin muzokaralarini jonlantirmoqchi, arablar umidsiz


Prezident Barak Obama Ramallohda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashmoqda, 21-mart, 2013-yil.
Prezident Barak Obama Ramallohda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashmoqda, 21-mart, 2013-yil.
Prezident Barak Obama va davlat kotibi Jon Kerri o’tgan hafta Yaqin Sharqda bo’lib, Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari ehtimolini jonlantirdi. Biroq tahlilchilar nazarida na Falastin va na Isroil rahbarlari yaqin kelajakda muloqotga tayyor.

Prezident Obama Isroil va Falastinga safari chog’ida tomonlarni bevosita muloqot boshlab, tinchlik bitimi sari qadam qo’yishga chaqirdi.

Vashingtondagi Brukings instituti tahlil markazi eksperti Natan Saksning aytishicha, Obamaning safari diplomatik tomondan yutuq hisoblansa-da, Isroil va Falastin bunday dadil qadam tashlashga tayyor emas.

"Falastinliklar ham, isroilliklar ham, mintaqadagi boshqalar ham yaqin orada tinchlikka erishish mumkinligiga ishonmaydi, pessimistik kayfiyat kuchli", - deydi u.

Bunga obyektiv sabablar bor – ichki siyosat, mintaqa va, xususan, Isroil bilan chegaradosh Suriya va Misrdagi vaziyatning qaltisligi.

Vashingtondan yana bir tahlilchi G’ayt al-Umariyning aytishicha, Obamaning mustaqil davlat haqidagi gaplari falastinliklar qulog’iga yoqib tushgani bilan uning boshqa masalalar bo’yicha pozitsiyasiga ishonchsizlik bilan qaralmoqda.

"Xususan, prezident Obamaning Falastin davlatchiligiga BMT orqali erishish rejasiga tanqidi va Isroil qurilishlarini to’xtata olmayotgani shular jumlasidan", - deydi al-Umariy.

Falastinliklar bo’lajak davlatining bir qismi deya ko’rilayotgan hududlarda Isroil uylar qurayotganiga ko’pdan beri qarshilik ko’rsatib keladi.

Prezident Obama o’tgan hafta Quddusdagi nutqida qurilishlarni tanqidga olganida uni tinglayotgan yahudiy talabalar chiqishini olqishlar bilan qarshi oldi.

"Isroil bu hududlarda bunyodkorlik ishlarini davom ettirishi tinchlik jarayoniga zarar ekanini, Falastin mustaqil davlat bo’lishi uchun chegaralari bo’lishi kerakligini tan olishi lozim", - dedi Obama.

G’ayt al-Umariyning aytishicha, qurilish masalasi muzokarachilar uchun bosh og’riq bo’lib qolmoqda.

"Qurilishlar to’xtamas ekan, falastinliklar muzokaraga qaytmaydi, Isroil esa o’jarlik qilyapti", - deydi tahlilchi.

Shuning uchun al-Umariy nazarida qisqa muddatda foydasiz muloqotni boshlashga muzokarachilar siyosiy jihatdan qattiq ter to’kmasligi kerak.

"Buning o’rniga tomonlar murosa qilish mumkin bo’lgan masalalarga diqqat qaratishi lozim. Masalan, G’arbiy Sohil xavfsizligini muvofiqlashtirish, falastinliklarning G’arbiy Sohil bo’ylab harakatlanishi uchun ko’proq sharoit yaratish", - deydi al-Umariy.

Unga ko’ra, bu jamoatchilik kayfiyatini yumshatib, bir-ikki yil ichida jiddiyroq muzokara o’tkazishga imkon beradi.

Tahlilchi Natan Saksning aytishicha, Isroilda yangi tuzilgan hukumatga kirgan vazirlar ham tinchlik jarayoniga to’siqlar qo’yishi mumkin. Yosh tadbirkor Naftali Bennet yetakchiligidagi konservativ “Yahudiy uyimiz” partiyasi hukmron koalitsiyadan joy olgan.

"Naftali Bennet Falastin mustaqil davlati g’oyasiga qarshiligini yashirmaydi. Shu sabab yaqin o’rtada bu yo’lda burilish bo’lishini, biror kelishuv bo’lishini kutmaslik kerak", - deydi Saks.

Unga ko’ra, bu AQShning emas, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning bosh og’rig’i.

"Qo’shma Shtatlar esa o’z rejasidan qolmasligi kerak", - deydi Saks.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG