Breaking News

BMT Bosh Assambleyasi Falastinni davlat sifatida tan oldi


Falastin bayrog'i BMTda alohida mamlakat timsoli sifatida hilpirab turibdi. Mahmud Abbos boshliq davlat bu organ tomonidan tan olindi.

Isroil bilan tinchlik jarayonining cho’zilganidan xafsalasi pir Falastin o’tgan yil noyabrida BMT Xavfsizlik Kengashi qo’mitasiga uni to’liq a’zo sifatida qabul qilish to’g’risida ariza topshirgan edi. Ammo ish qo’mitadan nariga o’tmadi.

Bu hafta muxtoriyat boshqa yo’ldan borishga qaror qildi. Bugun Falastin xalqi bilan xalqaro birdamlik kuni ekan, muxtoriyat prezidenti Mahmud Abbos Bosh Assambleyada nutq so’zlab, a’zo davlatlardan assambleyada kuzatuvchi maqomiga ega Falastinni qo’llab-quvvatlashni so’radi.

So’ng uni davlat maqomiga ega bo’lmagan a’zo sifatida qabul qilish borasida ovoz berish jarayoni o’tkazildi. Assambleyadagi 193 davlatdan 138 tasi ijobiy javob berdi.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansurning aytishicha, hujjatga 60 davlat homiylik qildi.

Falastinning BMTdagi maqomini oshirish taklifini, asosan, rivojlanayotgan davlatlar qo’llab-quvvatladi. Yevropaning ayrim davlatlari ham hujjatni yoqladi. Ba’zilari, masalan, Britaniya betaraf, AQSh va Isroil esa qarshi ovoz berdi.

Jorj Vashington universitetida siyosatshunoslik professori Edmund Garib masalaning Falastin uchun ijobiy tomonlarini tushuntiradi.

"Falastinning xalqaro sahnadagi pozitsiyasi kuchayadi. Isroil bilan hech bir shartsiz muzokara qilish osonlashadi", - deydi tahlilchi.

Maqom oshishi bilan Falastinning BMT doirasidagi xalqaro bitimlarga va tashkilotlarga qo’shilishiga imkon yaratiladi. Masalan, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti va, eng muhimi, Xalqaro jinoiy sudga.

Agar Xalqaro jinoiy sud Falastinni qabul qilsa, muxtoriyat undan Isroilning Falastin hududlaridagi harakatlarini tergov qilishni so’rashi mumkin bo’ladi.

Biroq, deydi ayrim kuzatuvchilar, Falastinning Bosh Assambleyadagi maqomining oshishi salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

Qo’shma Shtatlar bu ishga qarshi va davlatchilikka erishishning yagona yo’li Isroil bilan muzokara, deb keladi. Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nulandning aytishicha, Davlat kotibi Xillari Klinton muxtoriyat prezidenti Mahmud Abbos bilan o’tgan hafta gaplashib, Vashington fikri o’zgarmasligini aytgan.

"Bu yo’l bilan Falastin mustaqil davlat bo’la olmaydi... Bu xato. Biz bunga qarshimiz", - deydi Nuland.

Qo’shma Shtatlar 2012-yilda Falastin uchun yordam tariqasida 500 million dollar ajratgan.

Endi bu va boshqa yordam to’xtashi mumkin, deydi Nyu-York universiteti dekani Vera Jelinek.

"Falastin va boshqalar jazoga tortilishi mumkin. Masalan, YUNESKO Falastinni o’z safiga qabul qilgani uchun AQSh pulidan ayrildi. Isroil ham soliqlardan tushayotgan pulni bermasligi mumkin", - deydi mutaxassis.

Bu esa joriy yilgi byudjetda 1,5 milliard dollarlik kamomadga yuz tutgan Falastinni yanada qiynab qo’yishi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Garibning aytishicha, Falastin qisqa muddatda iqtisodiy tomondan zarar ko’rishi aniq, AQSh va Isroil bilan yoqalashishi ham mumkin, ammo bundan boshqa chora yo’q.

"Uzoq muddatda Falastin baribir shu yo’ldan borishga, masalani xalqaro hamjamiyat muhokamasiga chiqarishga majbur. Chunki shu paytgacha uning dardiga hech kim quloq solmadi, nolasini jiddiy qabul qilishmadi va natijada falastinliklarning pozitsiyasi ancha zaiflashdi", - deydi olim.

Tahlilchilar nazarida Falastinning BMT Bosh Assambleyasida a’zolikni qo’lga kiritishi AQSh va Isroil da’vo qilganidek, Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga putur yetkazmaydi. Jarayonning muzlab qolganiga usiz ham bir yildan oshdi.
Falastin va boshqalar jazoga tortilishi mumkin. Masalan, YUNESKO Falastinni o’z safiga qabul qilgani uchun AQSh pulidan ayrildi.


Edmund Garibning aytishicha, AQSh, Isroil va boshqalar, aksincha, haqiqiy mojaroga yo’l qo’ymaslik uchun jarayonni jonlantirishga majbur bo’ladi.

Tahlilchi Jelinek nazarida ham xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Falastin bilan Isroil hisoblashmay iloji yo’q.

"Rezolyutsiya qabul qilindimi, demak, Mahmud Abbos muzokaralarda pozitsiyasi kuchayadi, deb o’ylamoqda. Xalqaro siyosiy sahnada mavqesi yaxshilansa, Isroil bilan muloqotda qo’l keladi. Isroil esa xalqaro bosimni his etib, muzokarani davom ettirishga majbur bo’ladi", - deydi siyosatshunos Vera Jelinek.

Doimiy a’zolarining veto huquqi sabab ba’zi rezolyutsiyalarni o’tkazmaydigan Xavfsizlik Kengashidan farqli o’laroq, Bosh Assambleyada hujjatni qabul qilish uchun ko’pchilikning unga ovoz berishi kifoya.

Bu hafta Rossiya, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Daniya, Shveysariya kabi yetakchi davlatlar rezolyutsiyani qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG