Breaking News
Din

Yahudiylar pasxasini musulmonlar ham nishonlamoqda


Yahudiylar bayrami masjidda o'tkazildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Yahudiylar bayrami masjidda nishonlandi

30-mart kuni quyosh botishi bilan dunyo bo’ylab yahudiylar pasxa bayramini nishonlaydi. Bu bayram qadimgi Misr davrida yahudiylarning qullikdan ozod qilinishini ifodalaydi. Nyu-Yorkdagi diniy tashkilotlardan biri yahudiylar pasxasini kutilmagan joyda, masjidda o’tkazmoqda. Bayramni yahudiylar bilan musulmonlar birga nishonlashi ko’pchilik uchun yangilik.

Yahudiylar pasxasida aytiladigan diniy qo’shiqlar, duolar odatda oilada, dasturxon atrofida yangraydi. Bu safargi pasxa Nyu-Yorkning Manxetten shahridagi masjidda yahudiylar va musulmonlar davrasida birga nishonlanmoqda. Tadbirni Bruklinda asoslangan Musulmon va yahudiylar birdamligi qo’mitasi tashkil qildi.

Ikki din ahli anchadan beri bunday bayramlarni birga nishonlaydi.

“Muhammad payg’ambar Madina shahriga borganda nega yahudiylar shu bugun ro’za tutayotgani bilan qiziqadi. Unga bu kun Ashuro, ya’ni Muharram oyining o’ninchi kuni ekanini aytishadi. Bu kun yahudiy pasxasi bilan deyarli bir paytga to’g’ri kelgan edi. Shunda Muhammad payg’ambar bu kunni biz ham nishonlashimiz kerak, degan xulosaga keladi”, - deydi Imom Ahmad Devidar.

“Qur’on muqaddas, Tavrot ham muqaddas. Biz shu manbalarni o’rganamiz. Urf-odatlarimiz, haq-huquqlarimiz, an’analarimiz, turli marakalarning o’tkazilishi ham shu ikki diniy manbaga asoslanadi”, - deydi Iudaizm targ’iboti markazidan Loran Herman.

Musulmon va yahudiylar birdamligi qo’mitasi uchinchi bor masjidda yahudiylar pasxasini o’tkazmoqda. Qatnashchilar Tavrotni sharhlovchi “Agada” to’plamidan pasxaga oid bo’lgan qissalarni, Qur’on oyatlarini o’qishadi, bir dasturxon atrofiga yig’ilib, ikki din ahlining birodarligini namoyon qilishadi.

“Maqsad u dingan bunisiga chorlash emas, maqsad o’zligimizni namoyish etish, bir-birimizga nima bera olishimizni ko’rsatish”, - deydi tadbir tashkilotchilaridan biri Mishel Koch.

“Dunyoda bo’layotgan shuncha notinchliklarga qaramasdan, insoniyat birlashishiga umid bilan yashashda davom etamiz”, - deydi tadbirda qatnashgan Melaniya Robbins

“Yahudiylar pasxasi masjidda nishonlanishini Turkiyada tasavvur ham qilib bo’lmaydi. Bunaqa ishlarga faqatgina Amerika, ayniqsa, Nyu-York qodir”, - deydi turkiyalik muhojir Rezan Altinkaynak.

Musulmon va yahudiylar birdamligi qo’mitasi kabi diniy tashkilotlar o’tkazayotgan bunday tadbirlar har ikki din a’zolarining bir-birini tushunishi uchun imkoniyat. Tashkilot endi Iyd bayrami iftorligini yahudiylar sinagogasida nishonlashni rejalayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG