Breaking News

Pentagon "Islomiy davlat"ga qarshi muxolif kuchlarni himoyasiga olishi mumkin


Pentagon "Islomiy davlat"ga qarshi kuchlarni tayyorgarlikdan o'tkazadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:04 0:00

Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, AQSh Suriyadagi mo'tadil muxolif kuchlarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazishni boshlagan. Maqsad - "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan guruhlarni kuchaytirish.

AQShdan kutilgan uzoq yillik harbiy ko'mak, nihoyat, Suriyadagi ayrim guruhlar qo'liga tegadigan bo'ldi. Pentagon ma'lumotiga ko'ra, 90 ga yaqin suriyalik isyonchi yaqinda AQSh harbiylari nazorati ostida tayyorgarlikdan o'ta boshlagan. Yana bir guruh kelayotgan haftalarda mashg'ulotlarni boshlashi kutilyapti.

Mudofaa vaziri Eshton Karterga ko'ra, guruhlarning kichik miqyosda tanlanganining sababi bor.

"Avvalo, bu ish o'zini oqlashi kerak. Shuning uchun uni ehtiyotkorlik bilan tanlangan odamlardan boshlayapmiz. Eng yaxshi tayyorgarlik qanday bo'ladi, boshida nimalar berishimiz kerak, shu haqda o'ylayapmiz hozir. Ishimiz muvaffaqiyatli bo'lib, yanada kengayishidan umidimiz bor", - deydi u.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashadigan isyonchilarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazish bilan birga, AQSh ularga Suriya hududiga qayta kirgandan keyin ham yordamni davom ettirish niyatida.

Agar bu kuchlarga Suriya Prezidenti Bashar al-Assad armiyasi hujum qilsa, AQSh ular yordamiga otlanadimi? Bu haqda hali aniq qarorga kelganimiz yo'q, deydi Karter.

"Bu odamlar uchun mas'ul joyimiz bor. Ular o'z mamlakatlari uchun kurashyapti. Ammo boshqa tomondan, ularning samarali jang qilishi va xavfsizligi uchun zimmamizga ma'lum javobgarlikni olganmiz", - deydi u.

Treningda ishtirok etayotgan mahalliy hamkorlar Assad hukumatining tezroq qulashidan manfaatdor.

"Vaziyat hozir rejim foydasiga ishlamayapti. Agar Assadning o'rnida bo'lganimda, muzokara stoliga o'tirish yo'llarini qidirgan bo'lardim", - deydi Amerika Qurolli kuchlar bosh shtabi qo'mondoni, general Martin Dempsi.

Asosiy maqsad, deydi Dempsi, "Islomiy davlat" jangarilarini mahv etish.

"Bu loyihada hukumatni ag'darishga e'tibor qaratilayotgani yo'q. Chunki Suryada to'satdan hokimiyatning o'zgarishi gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi mumkin", - deydi Amerika generali.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG