Breaking News

Tramp Filippin bilan harbiy shartnoma bekor qilinganini izohladi


Arxiv surat. Duterte va Tramp ASEAN sammiti doirasida uchrashmoqda, 13-noyabr, 2017-yil

Prezident Donald Tramp Filippin hukumatining AQSh bilan imzolangan harbiy shartnomani bekor qilganini izohlarkan, bunga qarshi emasligini bildirib, Amerika pul tejashini aytdi.

“Uch yil oldin “Islomiy davlat” [jangari to’dasi] Filippinni bosib ketganida biz yordamga shoshib, bu mamlakatni orollariga hujum qilgan guruhdan yolg’iz o’zimiz qutqardik,” – dedi Tramp.

Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte shartnoma bekor qilinishi haqida AQShni rasman xabardor qilgan. Kelishuv amali 180 kun ichida to’xtashi kutilmoqda.

Ikki davlat 1998-yilda imzolagan bitim AQSh qo’shinlariga har yili Filippinda harbiy va gumanitar yordamni mashq qilishga qonuniy ruxsat beradi.

Dutertening aytishicha, Tramp uni shartnomani bekor qilish rejasidan qaytarmoqchi bo’lgan, ammo Filippin rahbari ko’nmagan.

“Amerika juda ham qo’pol”, - dedi Duterte.

Biroq AQSh Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, Tramp bitimning bekor qilinishiga yo’l qo’ymasligi kerak, chunki bunday qadam AQShning Filippin va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda Xitoy ta’siriga qarshilik ko’rsatish harakatlariga pand beradi.

Ba’zilar nazarida, mazkur bitim Janubiy Xitoy dengizining Xitoy tomonidan militarizatsiya etilishining oldini olishda yordam bergan.

Ushbu kelishuvga ko’ra, 1998-yildan beri AQSh mudofaa bobida Filippinga 1,3 milliard dollarlik yordam ko’rsatgan.

Duterte AQShdan ko’ra Xitoy va Rossiya bilan aloqalarni afzal ko’rishini aytib keladi. Filippin rahbari matbuot kotibining aytishicha, bitim bekor bo’lsa, Filippin armiyasi mustaqilroq bo’ladi.

Ayrim tahlilchilarning ta’kidlashicha, xavfsizlik shartnomasining bekor qilinishi AQShning mintaqaviy xavfsizlik kafolatchisi sifatidagi roliga ishonchni va Amerikaning mintaqada terrorga qarshi kurash va razvedka ma’lumotlarini to’plash salohiyatini yemiradi.

Filippindagi ayrim qonunchilar Prezident Duterte qarorini tanqid qilarkan, mamlakat Senati ratifikatsiya qilgan hujjatni davlat rahbari bir tomonlama bekor qilishga haqqi yo’qligini aytadi. Ularga ko’ra, bu kelishuvsiz Filippinning AQSh bilan qolgan ikki bitimi ma’nosini yo’qotadi – 2014-yilda imzolangan mudofaa bobidagi kengaytirilgan hamkorlik shartnomasi va 1951-yilda qabul qilingan o’zaro mudofaa bitimi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG