Breaking News

AQSh Filippinga terrorga qarshi kurashda yordamni oshiradi


AQSh Filippinga terrorizmga qarshi kurashda yordam hajmini oshirishi ikki davlatni bir-biriga yaqinlashtirishi mumkin, deydi tahlilchilar. O'tgan uch yilda Prezident Rodrigo Duterte Xitoy bilan do'stlashib, AQShning yordam dasturlarini qoralab kelayotgan edi.

AQSh shu hafta Manilaga delegatsiya yubordi. Janubdagi Mindanao orolida musulmonlar orasida ekstremistik kayfiyatlarni keltirib chiqaruvchi muammolarni yechish uchun uch yillik dasturni yo'lga qo'yish muhokama qilingan.

"Hukumatimiz Xitoy bilan yaqinlashgan bo'lsa-da, AQSh bilan harbiy va xavfsizlik sohalarida hamkorlik davom etyapti", - deydi Mariya Atienza, Filippin Universiteti professori.

AQSh bilan aloqalar

Filippin va sobiq mustamlakachisi Qo'shma Shtatlar o'rtasida bir-birini himoya qilish bo'yicha 1951-yilda imzolangan shartnoma bor. Vashington Filippindagi inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni tanqid qilganidan keyin Duterte 2016-yilda qo'shma harbiy mashqlarni bekor qilishini aytgan edi. O'sha yili Xitoy Filippinga 24 milliard dollarga teng yordam va sarmoya va'da qilgan.

Terrorizmga qarshi kurash

Ammo terror tahdidlarini aniqlash bilan shug'ullanuvchi amerikalik maslahatchilar Mindanao orolida qolaverdi.

1960-yillardan beri Filippin janubida musulmon jangarilar bilan to'qnashuvlarda 120 ming odam halok bo'lgan. Bu davlatga besh asr oldin qadam qo'ygan musulmonlar deydiki, hukumat va nasroniy aholi resurslarning kattagina qismiga egalik qiladi.

2017-yilda AQShning texnik ko'magi bilan Filippin armiyasi "Islomiy davlat" terror guruhiga aloqador jangari guruh ustidan g'alaba qozongan.

Rodrigo Dutertening o'zi ham Mindanao orolidan. U prezidentlikni boshlaganida janubda tinchlik o'rnatiladi, deb va'da bergan. 2018-yilda orolning 4,3 million aholi yashovchi qismiga avtonomiya berildi. Ammo Abu Sayyof jangari guruhi nazoratidagi boshqa orollar bundan norozi.

Prezident Rodrigo Duterte
Prezident Rodrigo Duterte

Shu hafta Manilada muhokama qilingan uch yillik dastur AQSh Filippinga yordamni oshirishini ko'zlaydi. Filippinda ishsizlik kabi odamlarni ekstremizmga boshlovchi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga AQSh e'tiborni oshirayotgani ko'rinib turibdi, deydi Osiyo bo'yicha mutaxassis Enriko Kau.

2017-yilda Manilada Duterte va Tramp o'rtasida do'stona uchrashuv o'tgan edi. Duterte bitta davlatga tayanib qolmasdan, ko'p qirrali tashqi siyosat olib borishni xohlaydi, deydi tahlilchi Ramon Kasiple.

Janubi-sharqiy Osiyoda davlatlar odatda savdo va sarmoyani Xitoydan, harbiy ko'makni esa AQShdan kutadi.

"Hamma bilan do'st bo'lgan ma'qul. Duterte va Tramp bir-birini tushunadi", - deydi Kasiple.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG