Breaking News

Politsiyachilarni jazolashni osonlashtiruvchi loyiha ovozdan o’tmayapti


Politsiya islohotiga nima to'siq bo'layapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:57 0:00

Sobiq politsiyachi Derek Shovin qora tanli fuqaro, Jorj Floydning o’limida aybdor deb topildi. Floyd Shovinning tizzasi ostida bo’g’ilib o’lgani AQSh bo’ylab norozilik namoyishlariga turtki bergan edi. Politsiyani isloh qilish to’g’risidagi qonun loyihasi Kongressda kuchli qarshilikka duch kelmoqda.

Shovinning sudi boshlanishi oldidan AQSh Vakillar palatasida politsiya islohotiga doir qonun loyihasi ma’qullandi. Endi navbat Senatga.

“Uning aybdor deb topilgani politsiya tizimidagi sistematik muammolar hal bo’ldi, degani emas. Huquq-tartibot organlari va jamoalar o’rtasidagi jarlik bartaraf etilganicha yo’q”, - deydi Senatda demokratlar lideri Chak Shumer.

Demokratlar olg’a surayotgan qonun loyihasi politsiya xodimlarini ayblanishdan himoya qiladigan immunitet doktrinasini bekor qilish, politsiyaga qarshi shikoyatlar ma’lumot bazasini yaratishni ko’zda tutadi.

Shuningdek, hibsga olish paytida bo’g’ish usulini qo’llashni man etadi, o’limga olib keladigan taktikalardan so’nggi chora sifatida foydalanishni belgilaydi.

Nyu-York
Nyu-York

Huquq-tartibot organlari himoyachisi, respublikachi senator Rik Skott ham javobgarlikni kuchaytirish tarafdori.

“Ishni shaffoflikni oshirishdan boshlash lozim. Politsiya rahbarlarini bir stol atrofiga to’plab, “ishimizni qanday yaxshilay olamiz?” deb so’rash kerak. Nega ayrim boshqarmalar boshqalariga qaraganda yaxshiroq ishlaydi? Barcha politsiyachilarni yomon deyish yaramaydi”, - deydi Skott.

Xovard universiteti professori Greg Karr Qo’shma Shtatlarda politsiya faoliyatini butkul o’zgartirish kerak, deb hisoblaydi.

“Minneapolis shahrida politsiyachi qo’lidan yana bir qora tanli fuqaro o’ldi, sud bo’lib o’tdi. Bunday holatda odatda politsiyachi ishdan ketadi, xolos. U boshqa bir shaharga ko’chib, yana politsiyachi bo’lib ishga kirsachi? Shuning uchun ma’lumot bazasini yaratish taklif qilinyapti. Toki organlar “biz bilmagandik”, deb bahona qila olmasin. Politsiyani isloh qilish yetarli emas, huquq-tartibot tizimini ich-ichidan o’zgartirish kerak”, - deydi professor Karr.

Politsiya kasaba uyushmalari ma’lumot bazasini yaratish va qonun loyihasidagi boshqa takliflarga qarshi. Detroyt politsiya boshqarmasi rahbari Jeyms Kreyg deydiki, bu kasb egalari jamoatchilik qo’lloviga muhtoj.

“Politsiyani moliyadan ayirish kerak deb jar solinganda, siz o’z vazifasini sidqidildan bajarayotgan erkak va ayol politsiyachilar haqida o’ylamayapsiz. Ta’sir kuchiga ega mulozimlar yuragida jasorat topib, bunday gaplarni qoralab chiqmasa huquq-tartibot xodimlarining ruhi tushib ketaveradi, ishdan ketadi. Bu bo’shliqni to’ldirish oson bo’lmaydi”, - deydi Kreyg.

Qonun loyihasi respublikachilarning qarshiligi sabab Senatda ovozga qo’yilgani yo’q. Aybdor deb topilgan sobiq politsiyachi Derek Shovin necha yilga qamalishi iyun oyida e’lon qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG