Breaking News

Oq tanli politsiyachi qora tanli fuqaro o'limida aybdor deb topildi


Minneapolis shahrida politsiyachilik qilgan Derek Shovin o'tgan yili qora tanli yurtdoshi Jorj Floydning o'limida aybdor deb topildi
Minneapolis shahrida politsiyachilik qilgan Derek Shovin o'tgan yili qora tanli yurtdoshi Jorj Floydning o'limida aybdor deb topildi

Bir yil oldin Minnesota shtatining Minneapolis shahrida 46 yoshli qora tanli Jorj Floyd, bugun bu shaharda sud chiqargan hukmga ko'ra, oq tanli politsiyachi Derek Shovin aybi bilan jon bergan. Tizzasini Floydning bo'yniga qo'yib, uni bo'g'gani qayd etilgan sobiq zobit unga qo'yilgan barcha ayblovlarda aybdor deb topilgan. Hukm Amerika bo'ylab irqchilikka qarshi kurashayotgan fuqarolar orasida, shuningdek, Oq uy va Kongressda, o'ziga xos quvonch va qoniqish bilan kutib olindi.

Floydning o'limi ketidan nafaqat AQSh, balki Yevropa va Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida ham irqiy kamsitishlarga nisbatan namoyishlar avj olgan edi.

Vashingtondan tortib, Amerikaning eng chekka joylarida ham odamlar ko'chaga chiqib, "Qora tanlilarning hayoti ham hayot" deya hayqirib, hukumatdan irqchilikka qarshi qattiqroq chora ko'rishni talab qilgan edi. Politsiyani zulmda ayblovchi amerikaliklar Kongressdagi vakillardan bu tizim vakolatlarini kamaytirishni so'rab kelmoqda.

Bugungi hukm bilan 45 yoshli Derek Shovin umrini oxirigacha qamoqda o'tirishi mumkin. Jazo aynan qancha yilni o'z ichiga olishi hali e'lon qilinmadi.

Minneapolis, Minnesota shtati
Minneapolis, Minnesota shtati

Minneapolisda odamlar ko'chalarni to'ldirib, adolat g'alaba qildi, deya kuylab, sud tizimiga rahmat aytmoqda.

Floydning yaqinlari, jumladan Texas shtatidagi qarindoshlari, hukmdan rozi ekanini aytgan. Sud jarayonini ular ko'zda yosh bilan kuzatgan.

Sud hakami 12 kishidan iborat edi, yarmi oq va yarmi qora tanli fuqarolar. Ular masalani ikki kun davomida muhokama qilgan. Hukm chiqarish uchun 10 soat ketgani qayd etilmoqda.

Hakamlar Shovin Floydni o'ldirishni maqsad qilmagan bo'lsa-da, o'sha vaziyatda o'z qoli bilan fuqaroning jonini olgan, deya xulosa qilgan.

2020-yilning 25-may kuni Floyd oddiy bir do'konda sigaret sotib olish soxta 20 dollarlik uzatganlikda gumon qilinib, hibsga olinadi. Uni olib ketayotgan politsiyachilarga Floyd mashinaga chiqsa, nafasi yetmay qolishi mumkinligini aytadi. Uni o'tkaza olmagan zobitlar fuqaroni yerga yotqizadi. Floyd o'shanda Shovinning oyoqlari ostida o'lgan.

Qonun politsiyaga hibsga olish paytida qarshilik bo'lsa, kuch ishlatishga yo'l beradi, lekin bunday holatlar sudda kuchli asos talab qiladi.

"Adolat yo'q ekan, tinchlik ham bo'lmaydi"
"Adolat yo'q ekan, tinchlik ham bo'lmaydi"

Shovinning advokatiga ko'ra, politsiyachi chora ko'rishga majbur bo'lgan, o'sha paytda Minneapolisda politsiyaga nafrat va xurujlar kuzatilayotgan edi.

Shovin hamkasblariga Floyd xavli bo'lishi mumkin, degani videoga yozilgan. Marhum bo'ydor va og'ir vazndagi inson bo'lgan. Politsiyachilar, tasvirga ko'ra, Floydda tahdid manbai sifatida qaragan.

Prokuror esa marhumni begunoh va kichik turdagi jinoyatda shubga qilingan inson deya ta'rifladi va hech kim bunday holatda jon bermasligi kerak, deya qayta-qayta takrorladi.

Kongressdagi demokrat va respublikachilar sud hukmini birdek olqishlab, Amerika qonun ustuvor davlat, deya eslatmoqda.

"Bu tantana emas, xotirjam bo'lish uchun sabab", - deydi Maksin Voters, Kaliforniya shtatidan demokrat vakil.

"Kuppa-kunduzi yuz bergan bu qotillik sistemamiz qanchalik irqchi ekanini butun dunyoga namoyon qilgan. Sistemik irqchilik - xalqimiz ruhiyatidagi dog'".
Prezident Jo Bayden

"Adliya tizimi adolatni ta'minlashga qodir ekaniga yana bir bor guvoh bo'ldik", - deydi Tim Skott, Janubiy Karolina shtatidan respublikachi qonunchi.

Spiker Nensi Pelosi va Senatda demokratlar lideri Chak Shumerga ko'ra, Floydning hayoti zoye ketmagan, chunki uning o'limi mamlakatda politsiya tizimi islohotini tezlashtirib, yangi qonunlar va choralarga turtki berdi.

Diniy yetakchilar ham Amerika xalqini azaliy illatlarga qarshi kurashda sabr, vijdon va bosiqlik bilan harakat qilishga undamoqda.

Sobiq prezident Barak Obama ham shunday fikrda. Jorj Floyd o'limi ustidan adolatli hukm chiqarilgani muhim qadam, deydi Obama, ammo irqchilikni yengish uchun hali ko'p ter to'kish kerak.

Uning ta'kidlashicha, qora tanli amerikaliklar doimiy qo'rqinchda yashaydi, chunki ular kamsitiladi; huquq-tartibot tizimi ularga teng fuqaro sifatida qaramaydi. Tizimda shunday islohotlar qilish kerakki, adliyada diskriminatsiya bo'lmasin, shuningdek, qora tanlilar ham iqtisodiy-ijtimoiy imkoniyatlardan bemalol foydalana olsin.

Oq uy, 20-aprel, 2021
Oq uy, 20-aprel, 2021

Prezident Jo Bayden hukm chiqishi bilanoq Jorj Floydning oilasiga telefon qilgan. Ularga bardamlik tilab, davlat o'z fuqarolarini himoya qiladi, deya qayd etgan.

Vitse-prezident Kamala Harris deydiki, Floyd ishi adliya va politsiya tizimlarida islohotlar naqadar zarur ekanini ochib bergan. Jarayonlarni jadallashtirish kerak, deydi u.

"Kuppa-kunduzi yuz bergan bu qotillik sistemamiz qanchalik irqchi ekanini butun dunyoga namoyon qilgan. Sistemik irqchilik - xalqimiz ruhiyatidagi dog'", - deydi Prezident Bayden.

"Qora tanli fuqaro bo'ynidagi tizza - qo'rqinch va azob-uqubat alomati. Qora tanli va boshqa irqqa mansub amerikaliklar har kuni mana shunday tahdid bilan yuzlashadi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG