AQShda shifokorlar va hamshiralar koronavirusga qarshi kurasharkan, AQSh Kongressida ham kurash ketmoqda, faqat siyosiy. Qonunchilar navbatdagi moliyaviy yordamni kimga ko’proq berish xususida tortishmoqda. Respublikachilar kichik bizneslarni qo’llab-quvvatlash kerak, desa, demokratlar oddiy odamlarga pul berishga chaqirmoqda.
“Kasalxonalar, o’qituvchilar, o’t o’chiruvchilarga darhol yordam berishimiz kerak”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Qonunchilar Moliya vazirligi bilan birinchi moliyaviy yordam paketidan pul olmagan kichik bizneslarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan reja bo’yicha muzokara qilmoqda.
“Kelishuvga oz qoldi”, - dedi Prezident Donald Tramp.
Bizneslar va hukumat mamlakatni karantindan chiqarish haqida gapirarkan, Oq uyning koronavirusga qarshi siyosatini tanqid qilib kelgan demokratlar hayot normal holatga qaytishidan oldin koronavirusni aniqlash uchun test tizimlarini mamlakat bo’ylab markazlashgan tartibda joriy etish kerak, deydi.
“Iqtisodiyot eshigini faqat bir kalit bilan ochish mumkin, xolos – test, test va yana bir bor test. Ishni to’g’ri yo’lga qo’ya olganimiz yo’q. Tramp ko’rik, muolaja, virus yuqtirgan odamlar atrofidagilarni aniqlash, karantinni to’g’ri qilmadi”, - dedi Pelosi.
Oq uy, asosan, koronavirus o’choqlarida ko’rikka urg’u bergan. Oq uyda koronavirusga qarshi kurash guruhi koordinatori Debora Briksning aytishicha, testlarga strategik yondashuvda foyda bor.
“Tibbiyotdagi hech bir test to’g’ri tashxis qo’ya olmaydi. Testlarning o’zi yaxshi, ammo COVID-19 kasalligi alomatlari aniqlanmagan joylarda ularni ishga solsak, kasallarni ham, sog’lom odamlarni ham aniqlashda xato qilishimiz mumkin”, - dedi u.
Ba’zi demokrat va respublikachi gubernatorlar ko’proq test tizimlariga muhtoj ekanini aytadi.
"Muhtoj bo’lsa, beramiz. Gubernatorlar shtatlarda karantinni tugatish qarorini yolg’iz o’zlari bermoqchi edi, ammo shu bilan birga, testlarni federal hukumatga yuklashmoqchi. Bittasini tanlash kerak”, - dedi Tramp.
Briksning aytishicha, Oq uy testlarni davlat-xususiy sheriklik orqali yo’lga qo’ymoqchi.
“Biz AQShda mana shunday platformaga ega har bir laboratoriyaga qo’ng’iroq qilyapmiz. Minglab laboratoriyalar mavjud, 300 dan ortig’ida shunday imkoniyat bor. Ularga har bir shtat, mahalliy hukumatlar bilan hamkorlik qilishni tayinlayapmiz. Agar ular butun salohiyatini ishga solsa, amerikaliklar uchun test o’tkazish imkoniyatlari ikki baravar oshadi”, - deydi Debora Briks.
Facebook Forum