Breaking News

Husiylarni terrorchi tashkilot deb belgilash Yamanda gumanitar inqirozga sabab bo’lishi mumkin, deydi kuzatuvchilar


Yamanlik bolalar
Yamanlik bolalar

AQSh hukumatining Yamanda Eronga xayrixoh husiy isyonchilarni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shish rejasi kuzatuvchilar va insonparvarlik yordami tashkilotlarini tashvishga solmoqda. Ularga ko’ra, bunday qadam tinchlik muloqotiga salbiy ta’sir qilib, gumanitar yordamni husiylar nazoratidagi shimoliy hududlarga yetkazish harakatlariga pand beradi.

Yaman hukumatiga isyonchilarga qarshi kurashda harbiy yordam berayotgan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari husiylarni 2014-yilda qora ro’yxatga qo’shgan edi. Qo’shma Shtatlar esa 2018-yildan beri bu borada o’ylanmoqda.

AQShning “Tashqi siyosat” (Foreign Policy) siyosiy-tahliliy jurnalining ismini oshkor etishni istamagan rasmiylardan olgan ma’lumotiga tayanib o’tgan hafta ma’lum qilishicha, Davlat departamenti Tramp ma’muriyatining Eronga bosimni kuchaytirish siyosati doirasida husiylarni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shishga hozirlik ko’rmoqda. “Vashington Post” gazetasi qaror dekabrda e’lon qilinishini bildirdi.

AQShning Yamandagi sobiq elchisi Jerald Feyerstaynning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bunday harakat BMTning Yamanda isyonchilar va hukumat o’rtasida mojaroni tinch yo’l bilan hal qilish tashabbusini qiyinlashtirishi mumkin. Sobiq diplomat hozir Vashingtondagi Yaqin Sharq institutida ishlaydi.

“BMT husiylarga qurol embargosi qo’ygan, hech kim qonuniy yo’l bilan ularga qurol sotgani yo’q. AQSh qarori ularning mavqeiga ta’sir qilmaydi”, - deydi Feyerstayn.

Unga ko’ra, bu qaror ko’proq siyosiy ishora bo’lib, Amerikaning aksilterror strategiyasini kuchaytirish yoki terrorchi tashkilotlarni aniqlashga qaratilmagan.

BMTning Yaman bo’yicha maxsus vakili Martin Griffit hokimiyat talashayotgan taraflar o’rtasida tinchlik muzokaralariga salkam ikki yildan beri vositachilik qilib keladi. Jarayon davomida bir necha bor sulhga erishilganiga qaramay, kattaroq tinchlik kelishuvi haqida gapirishga hali erta.

Vashington husiylarni Eronning mintaqada hukmronlikni o’rnatishga qaratilgan rejasini amalga oshirishga yordam berayotganlikda, tinchlik yo’lida hamkorlik qilmayotganlikda ayblab keladi. AQSh guruhni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shib uning moliya tarmog’iga zarba bermoqchi, moddiy yordam va resurslardan ayirmoqchi.

“Yana bir Hizbulloh”

Husiy isyonchilar shia mazhabiga mansub mahalliy siyosiy va harbiy harakat bo’lib, unga Abdul Malik al-Husiy yetakchilik qiladi. Guruh 2014-yildan beri Saudiya Arabistonidan yordam olayotgan Abu Rabbo Mansur Hadi hukumati bilan hokimiyat uchun kurashmoqda, poytaxt Sanoni qo’lga kiritgan.

2015-yilda Saudiya Arabistoni bir necha arab mamlakatlari bilan harbiy koalitsiya tashkil etib, husiylarga qarshi hujumlar boshlagan. BMT Xavfsizlik Kengashi harakat rahbarlarini Yaman tinchligi, xavfsizligi va barqarorligiga raxna solayotganlikda ayblab, o’sha yili ularga nisbatan sanksiya qo’llagan. AQSh ham ularni qora ro’yxatga qo’shgan.

Xabarlarga ko’ra, so’nggi yillarda Eron ularni qurol, mablag’ va harbiy tayyorgarlik bilan ta’minlab keldi. Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Eron husiylar yordamida Yamanga o’z ta’sirini yoymoqchi. Tehron Livanning “Hizbulloh”, Iroqning “Xalq mobilizatsiya kuchlari” bilan o’xshash strategiya asosida hamkorlik qiladi.

Saudiya Arabistoni husiylarni muhim iqtisodiy markaz hisoblangan Bab al-Mandab bo’g’ozidan o’tayotgan neft ta’minoti hamda Qizil dengiz va Aden ko’rfazini bir-biriga ulovchi suv yo’llariga hujumlarda ayblagan. 24-noyabr kuni Jidda shahridagi neft zavodi ham nishonga olindi.

Eron bo’yicha mutaxassis, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Norman Rulning aytishicha, husiylar kuchga to’lsa, xalqaro iqtisodiyot va energetika tizimiga jiddiy tahdid solishi mumkin. Tahlilchilarga ko’ra, AQShning guruhni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shish qarori uni zaiflashtirmaydi, chunki asosiy ta’minotchisi Eron AQSh sanksiyalarini pisand qilmayapti.

“Eronga ko’p qirrali diplomatik va iqtisodiy bosim qo’yish orqali husiylarni jilovlash osonroqdir. Aks holda ular arab koalitsiyasi va BMTning diplomatik yondashuvini inkor etishda davom etadi”, - deydi Rul.

Gumanitar oqibatlar

Insonparvarlik yordami bilan shug’ullanuvchi ayrim tashkilotlarning bildirishicha, husiylarni terror tashkiloti deb e’lon qilish Yamandagi ayanchli gumanitar vaziyatni yanada og’irlashtiradi, chunki isyonchilar nazoratidagi hududlarda yashovchi aholiga havodek zarur yordamni yetkazish qiyinlashadi.

Bir necha kun oldin AQSh Kongressining Demokratik partiyaga a’zo sakkiz nafar vakili Davlat kotibi Mayk Pompeo va AQShning BMTdagi elchisi Kelli Kraftga maktub yo’llab, Tramp ma’muriyatidan Yamanda gumanitar inqirozga kattaroq ahamiyat berishni so’ragan, bo’lajak qo’shimcha sanksiyalar ocharchilikni kuchaytirishi haqida xavotir bildirgan.

“Sanksiyalarning salbiy ta’siri oqibatida to’yib ovqat yemaslikdan azob chekayotgan aholiga yordam dasturlari qisqarishi mumkin, husiylar nazoratidagi hududlarda yashovchi begunoh odamlar kattaroq aziyat chekadi”, deyiladi ushbu maktubda.

Insonparvarlik yordami bilan shug’ullanuvchi “Oxfam America” (Oksfam Amerika) tashkiloti xodimi Skot Polning aytishicha, Yaman oziq-ovqat, yoqilg’i, dori-darmon kabi muhim mahsulotlarga zor mamlakatlardan biri bo’lib, AQSh gumanitar tashkilot xodimlarini Yamanga yetkazayotgan yordami uchun sanksiya doirasida jazolamasa-da, bunday tashkilotlar bilan ishlayotgan bank va donorlar hamkorlikni to’xtatishga majbur bo’lishi mumkin.

“Yamanda millionlab odam bir necha qatlamli inqirozni boshdan kechirmoqda – iqtisodiy inqiroz, sog’liqni saqlash tizimi inqirozi, ijtimoiy xizmatlar inqirozi, moliyaviy inqiroz. Bu muammolarni hal qilishga qaratilgan gumanitar yordam esa keskin qisqargan. Mana shunday og’ir vaziyatda AQSh hukumati qisqa yoki uzoq muddatda Yaman xalqiga foydasi yo’q zararli qadamlarni qo’yish ustida o’ylanmoqda”, - deydi Pol.

Olti yillik urush natijasida mamlakatda 100 mingdan ziyod odam o’lgan. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, 24 million yamanlik gumanitar yordamga muhtoj, 3 milliondan ziyodi turar joyini tark etishga majbur bo’lgan, 20 millioni kunini bazo’r kechirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG