Breaking News

Amerikalik ijodkor Suriya diniy musiqasini tasmaga tushiryapti


Amerikalik ijrochi va fotograf Jeyson Xamacher Suriya diniy musiqasini yo’qolib ketmasligi uchun yozib olgan. U Suriyadagi urush nafaqat shaharlarni, balki insonlar ruhiyatini ham vayron qildi, degan fikrda.

U rok janridagi zarbli cholg’ular ijrochisi, fotograf va arxivchi. Suriya nasroniy musiqalarini yig’ib yuradi. O’rtog’ining taklifi bilan Suriyadagi cherkovlar musiqasini jamlashga kirishgan.

“Uilyam Dalrimpl o’z kitobida Suriya sahrolaridagi nasroniylarning nolalarini tasvirlagan. Uni o’qiganimdan keyin shu haqda o'ylay boshladim”, - deydi Jeyson Xamacher.

Bu ohanglar professional tasmalarda mavjud emas; buni yaratish uchun esa Suriyaga borish kerak edi. Xamacher Nyu-York muzeyi foto loyihasi doirasida Suriyaning Xalab shahriga kelganda musiqa yozib olish imkoniyatiga ham ega bo'ldi.

“2006-yil birinchi marta kelganimda to’rt soat bo’sh vaqtim bor edi. Armanlar yashaydigan joylarni tomosha qilgani bordik va shu sayohat hayotimni, hayotimning yo'nalishini o’zgartirib yubordi”, - deydi u.

Xamacher Suriyaga bir necha marta sayohat qildi. Tarixiy obidalar, qadimgi joylar va qabriston toshlarining suratini olib yurdi va albatta, diniy musiqani ham tasmaga tushirdi.

Uning sayohatlari fuqarolar urushi boshlangandan keyin to’xtab qolgan bo’lsa-da, yozib olgan diniy ohanglari, arman, xaldey xalqi musiqalarini ulashishda davom etaverdi.

Xamacher musiqiy-foto albomlari orqali g’arblik san’at shaydolarini Xalab shahridan topgan materiallariga jalb qilishga urinyapti.

“Men dunyoning ko’p joylarida bo’ldim, lekin aynan Syriyada o’zimni erkin his qilaman. Bunga umuman hukumat, davlatning aloqasi yo’q. Bu yerda odamlar boshqacha”, - deydi u.

Xamacher urushlar qadimgi Xalabga qo’shib shahar ruhiyatini ham barbod qilganidan kuyunadi.

“Masala bu shaharni qayta qura olishda emas. Shu yerliklarning ruhiyati ham yo’qolib ketmadimikin, degan savollar girdobidaman. Suriyani shunchalar o’ziga xos qilgan ruhiyat qoldimikin, bilmadim”, - deydi u.

Shunga qaramay, Xamacher fidokor ijodkorlar mehnati bilan Suriyaning boy madaniy merosi qayta tiklanishiga ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG