Breaking News

Prezidentlar va seks


Amerika siyosati va shou-biznesida jinsiy tegajog’lik bilan bog’liq janjallar ko’paymoqda – ayollar lavozimini suiiste’mol qilib, o’zlariga qachonlardir tegajog’lik qilgan taniqli erkaklar haqida gapirmoqda. Bunday holat Amerika uchun yangilik emas. O’tmishda hatto prezidentlar ham shunday ahvolga tushgan.

Linden Jonson mohir qonunchi va qobiliyatli prezident bo’lish bilan birga, tarixchilarga ko’ra, ayollarga xushomad qilishni yaxshi ko’rar edi, bir necha ayol bilan ishqiy aloqada bo’lgan.

Yoki tarixdagi yana bir rahbarni olaylik. Tomas Jefferson Selli Xemmings ismli qulidan bir necha farzand ko’rgan.

Prezident tarixchisi Richard Rivs siyosatchilarning oilasiga xiyonat qilish odatidan ajablanmaydi.

“Axir siyosatning o’zi avrash, aldashdan iborat emasmi? Kasbiy xislatlarku bu”, - deydi u.

Aytishlaricha, Jon Kennedining prezidentlikdan oldin va Oq uydagi ishi paytida bir necha ma’shuqasi bo’lgan. U paytda amerikaliklar bu haqda bilmas edi. Balog’at yoshiga yetgan ikki tomon qarshilik bildirmasa, buning qonunga xilof joyi yo’q, deydi huquqshunos Ariela Gross.

“Yosh qizlarni yo’ldan urib, ularga tegajog’lik qilish bundan mustasno. Boshqa ba’zi holatlarda harakat axloqsiz hisoblansa ham sudda jinoyat sifatida ko’rilmaydi”, - deydi u.

Prezident Bill Klintonga qarshi da’volar saylov paytida uni soyaday ta’qib qildi. Qasamyod keltirganiga qaramay, u Oq uydagi jinsiy munosabatlari haqida yolg’on gapirgan. Internet endi paydo bo’layotgan bir paytda Klinton avval impichmentga uchradi, ammo keyin oqlandi.

“Klinton omadli chiqdi. Internet bo’lganida, holi voy bo’lar edi”, - deydi tarixchi Rivs.

Donald Trampning 2005-yilda ayollar bilan yaqinligi haqida maqtanib aytgan gaplari o’tgan yili jamoatchilikka tarqaldi.

“Ayollarning jinsiy a’zolarini ushlagani haqidagi o’sha gaplari haqiqat bo’lsa, jinsiy tegajog’lik hisoblanadi, bu esa jinoiy harakat, albatta. Lekin hozircha dalil faqat uning o’z so’zlari”, - deydi yurist Ariela Gross.

Tarixchi Rivsning aytishicha, ba’zi erkaklar va prezidentlar bo’rttirib gapirishni yaxshi ko’radi. Bundan tashqari, ayollar bilan munosabatlarning qanday kechganiga dalil yo’q, har bir taraf turlicha ma’lumot beradi, raqiblar esa bundan foydalanishga harakat qiladi, xoh rost bo’lsin, xoh yolg’on.

Kuzatuvchilarga ko’ra, jinsiy tegajog’lik haqidagi da’volar isbotlanmagan, tekshirilmagan bo’lsa-da, siyosatchi erkaklar, asosan, yopiq eshik ortidagi qilmishlari uchun dakki yemoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG