Seshanba kuni Amerika yangi prezidentni saylaydi. Xillari Klinton yoki Donald Tramp. Oq uyga kim kelishidan qat’i nazar, yangi rahbar o’z ma’muriyatini belgilaydi, davlat idoralarida kadrlar o’zgaradi. Vashingtonda o’tish jarayoni qanday kechadi?
AQShda saylovlardan so’ng hukumatning yangilanishi davlat boshqaruviga halaqit bermasligi kerak, deydi Jorj Vashington universiteti professori Stiven Veyn.
"O’tish jarayonining asosiy ma’nosi ham shunda – siyosatni barqarorlikni saqlagan holda g’olib nomzod siyosatiga moslash", - deydi u.
“Prezidentlikka o’tish markazi” yangi rahbarga bu ishda birinchi kundanoq yordam beradi.
"O’tish davri murakkab va keng ko’lamli, mamlakat eng zaif bir davrda, biroq bu ishga strategik ravishda yondashilsa, hukumat ishini yanada samaraliroq qilishga imkon yaratiladi", - deydi bu tashkilot vakili Deyvid Iglz.
O’tish jarayoniga jalb etilgan jamoalar Oq uy bilan maslahatlashgan holda ma’lumot to’playdi, vazirlikka nomzodlar va yangi ma’muriyatdagi boshqa siyosiy lavozimlarga da’vogarlarni elakdan o’tkazadi.
Saylov kampaniyasi paytidagi dushmanlik o’tish jarayoniga ta’sir qilmasligi kerak.
"Saylovlar mamlakatni bo’ladi, ammo undan keyin eski ginalarni ortda qoldirish zarur. Chunki hukumat ishlashi, fuqarolarni xizmatlar bilan ta’minlashi lozim", - deydi Veyn.
O’tish jarayoni silliq bo’lishi uchun davlat idoralari sog’lom bo’lishi kerak.
"Hokimiyat tepasiga kelayotganlar sizga yoqmasa ham, ularga ovoz bermagan bo’lsangiz ham, ularga o’tish jarayonida yordam berish juda muhim”, - deydi professor.
Stiven Veyn 2008-yilda hokimiyatning respublikachi Prezident Jorj Bushdan demokrat Barak Obamaga topshirilganini namunali deb ataydi. Oq uy matbuot kotibi o’tish jarayoni Obama va uning jamoasiga ancha qo’l kelganini eslaydi.
"Professional yondashuv va demokratiyaga sodiqlikni ko’rdik. Prezident Obama va uning ma’muriyati ham shunga tayyor”, - deydi Josh Ernest.
“Hokimiyatni topshirish” haqidagi ilk qonun 1963-yilda Jon Kennedi prezidentligi paytida qabul qilingan. Biroq uning o’limi qonunning amalda qo’llanilishini besh yilga kechiktirdi.
8-noyabr kuni AQShning navbatdagi prezidenti aniqlanadi. Biroq hokimiyat darrov uning qo’liga o‘tmaydi. Yangi hukumatni shakllantirishga bir necha hafta vaqt ketadi. 20-yanvar kuni esa yangi prezidentning tantanali qasamyod marosimi bo’lib o’tadi. Shu kuni Barak Obama prezidentlikni rasman yangi rahbarga topshiradi.