Putin: Turkiya bilan aloqalar mustahkamlanayotganidan mamnunmiz

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan, Moskva, Rossiya, 10-mart, 2017-yil.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya bilan aloqalar borgan sari mustahkamlanmoqda, dedi. U bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning Moskvaga tashrifi paytida gapirdi. Ikki tomon Suriya morjarosiga yechim topish yo'lida hamkorlik qilayotganini aytadi.

"Mamlakatlarimiz o'rtasida aloqalar tez qayta tiklanayotganidan juda baxtiyormiz, - dedi Putin. - Avvalo, eng jiddiy inqiroz, Suriya masalasini hal qilish yo'lida faol ishlayapmiz".

Dekabrda tomonlar Suriyada tinchlik sulhini tuzish bo'yicha kelishib olgan edi. Muxolifat va Suriya o'rtasida ikki muloqot tashkil qilish bilan birga, Anqara va Kreml "Islomiy davlat" terror guruhini yakson qilish bo'yicha ham hamkorlik qilyapti.

Davlatlar o'rtasidagi munosabatlar har doim ham silliq kechgani yo'q. Suriya mojarosi boshida tomonlar qarama-qarshi guruhlar yonini olgan edi. Rossiya Assad rejimini qo'llagan bo'lsa, Anqara Suriya muxolifatini yoqlashini e'lon qildi.

O'tgan oy Rossiya harbiy samolyotlari tasodifan uch turk askarini o'ldirib qo'ydi. Ammo bu munosabatlar sovuqlashishiga asos bo'la olmadi.

Shu hafta Antalyada Rossiya, Turkiya va AQShning yetakchi harbiy rasmiylari uchrashib, harbiy amaliyotlarda bu kabi tushunmovchiliklar bo'lishining oldini olish bo'yicha muzokara o'tkazgan.

Shuningdek, harbiylar Anqara qo'llab-quvvatlovidagi Suriya muxolifati, AQSh yordamini olgan kurdlar hamda Rossiya himoyasidagi Suriya hukumati kuchlari o'rtasida ishonch o'rnatish bo'yicha ham qadamlarni tashlashga kelishib oldi. Bu guruhlarning barchasi "Islomiy davlat"ning poytaxti sifatida ko'riladigan Raqqa shahrini qo'lga kiritishga urinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG