Turkiya va Rossiya Suriyada qo'shma harbiy amaliyot boshladi

  • Amerika Ovozi

18-yanvar kuni Rossiya va Turkiya ilk bor "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi qo'shma havo amaliyotini o'tkazdi. Suriya shimoli-g'arbida, Turkiya chegarasidan 20 km. uzoqlikda joylashgan al-Bab shahrida jangarilarga qiruvchi samolyotlar orqali zarba berilgan.

Rossiya NATO a'zosi bilan o'tkazilgan amaliyotni "misli ko'rilmagan" deb atab, missiya yana davom etishini bildirdi. Kelasi hafta Qozog'istonda Suriya bo'yicha o'tkaziladigan muloqot oldidan bu qo'shma harbiy loyiha Turkiya va Rossiya munosabatlari yanada yaqinlashayotganini ko'rsatadi. Ostona shahrida o'tkaziladigan tinchlik muzokaralariga Anqara va Moskva yetakchilik qilmoqda.

Triniti universiteti professori Deyvid Leshga ko'ra, Turkiya Rossiya samolyotini urib tushirgandan beri aloqalarning birdan bunday iliqlashishi Anqara uchun foyda.

Bu orada Qozog'istonda o'tishi rejalangan Suriya muzokaralarida orqaga siljish kuzatildi. Suriyadagi isyonchi guruhlardan biri "Ahror al-Shom" oxirgi sulh shartlarining buzilishi va Rossiya havo hujumlari to'xtamagani bois muloqotda qatnashmasligini e'lon qildi. Ayni paytda guruh anjumanga kelayotgan boshqa tomonlarni qo'llashini bildirdi.

Qozog'istonda Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida muzokaralarga hozirlik ko'rilmoqda. Muloqot 23-yanvarga belgilangan.

Avvalgi uchrashuvlar Suriya muxolifatining aksariyati tomonidan rad qilingan va natijasiz tugagan edi.

Bu gal ham biror aniq natija bo'lishi shubhali. Ammo sharhlovchilar nazarida Suriyada urushga tortilgan qudratli davlatlar murosa qilsa, muzokara natijalari ijobiy bo'lishi mumkin.

Suriya Prezidenti Bashar Assadning aytishicha, muloqotda otishmalarni to'xtatish va mamlakat bo'ylab insonparvarlik yordami tarqatilishiga imkon yaratish mavzusiga e'tibor qaratiladi. U, shuningdek, uchrashuv natijasida isyonchilar bilan mahalliy darajada yarashuv bitimi tuzilishidan ham umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG