Breaking News

Ekspertlar: Radikalizm, din va siyosatni to'g'ri talqin qilmayapmiz


Jorj Vashington universitetida o'tgan ekspert muhokama: Jon Xezersho, Devid Montgomeri, Devid Luis, Marlen Laruel, Noa Taker va Maykl Xoll
Jorj Vashington universitetida o'tgan ekspert muhokama: Jon Xezersho, Devid Montgomeri, Devid Luis, Marlen Laruel, Noa Taker va Maykl Xoll

Markaziy Osiyoni uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan g’arblik olimlar hukumatlar, omma va axborot vositalarini din va siyosatni chuqurroq tahlil qilishga, yuzaki xulosa va haddan ziyod umimiylashtirishdan tiyilishga chaqirmoqda. Hozirgi xom talqinlar bilan muammolarga yechim topa olmaymiz, deydi ular Jorj Vashington universitetida o’tgan muhokamada.

Ekspertlar: Markaziy Osiyoda din va siyosatni to'g'ri tahlil qilmayapmiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:43 0:00

Angliyalik ekspert Jon Xezersho (John Heathershaw) fikricha radikalizm tushunchasi shu qadar noto’g’ri talqin qilinadiki, bugun dindorlik va radikalizmga bir qolipda qarashadi. Extremizm tushunchasining ham ta’rifi shunday. Hukumatlar nima desa shuni qaytaraverish bilan nimaga erishamiz, deya so’raydi u. Ilm ahli bu tushunchalarning mag’zini tushuntirib berishi kerak, deydi u.

Albatta bu oson emas. Masalan, mintaqada mutaxassislar siyosatga qarshi gapirish u yoqda tursin, ko’p hollarda o’z bilganlarini aniq tushuntirib berishga qiynaladi. Kommunikatsiya - muhim omil. Mahalliy matbuotning ham bu mavzuni yoritishga haddi sig’maydi.

Xezersho deydiki, G’arb axborot vositalari va ekspertlari ham masalaga chuqurroq qarashga erinadi yoki buni lozim deb topmaydi. Radikalizm xavfi va dinni bir-biriga bog’lash mantiqiy bir ishdek.

Vaholanki, deydi olim, har qanday jamiyatdagi muammolar asosan siyosatga, tuzum va hukumat qarorlariga borib taqaladi. Dunyo bo'ylab shunday. Aybni “radikalizm xavfi” ga ag’darish bilan rahbarlar o’zini haqiqatdan olib qochadi, xolos.

G'arb uchun radikalizm yoki radikallashish nima? Amerika hukumati ta'rifi: radikallashish xilma-xil ko'rinishga ega va hudud va guruhga qarab turlicha. Radikalizm ostidagi omillar - mahalliy hukumat yoki muhitdan shaxsiy norozilik yoki xalqaro jarayonlarga nisbatan qarshilik, siyosiy nafrat. Britaniyada ham shunga o'xshash talqinni eshitasiz: radikalizm bir muammoga asoslanmaydi. Qashshoqlik, ishsizlik, imkonsizlik, jamiyatga qo'shila olmaslik, shaxsiy nafratiga sherik odamlarni topib, birgalikda zo'ravonlikka berilish va hokazo.

Ekstremizm bu radikalizmga haddan tashqari mukkasidan ketish va buni amalda ko'rsata boshlash, masalan, qonli xurujlar uyushtirish. O'z qora maqsadlariga zo'ravonlik bilan erishishga harakat qilish terrorizm deb ham ataladi. Shundan kelib chiqib, bu uch tushuncha ko'pincha yonma-yon tilga olinadi.

Mintaqaviy mavzularni yoritadigan Registan.net bosh muharriri, islomshunos Noa Taker nazarida noto’g’ri axborot berish, ya’ni “dizinformatsiya” - uydirma - nafaqat terroristlar, balki hukumatlar ham birdek qo’llab kelayotgan strategiya. Tahdid qayerdan va nimaga asoslanib kelayotgani chetda qolib, vahima va qo’rquv urug’i sochiladi.

To’g’ri, dunyoning har bir burchagidan yovuz va qonxo’r odamlarni topish mumkin va qirg’in ular uchun siyosiy bir vosita. Biroq, deydi Noa Taker, ular soladigan xavfni haddan tashqari bo’rttirish yo’li bilan hukumatlar xalq ustidan nazoratni oshirish payida. Ekspertlar va jurnalistlar esa odatda bu nozik jarayonni to’g’ri ochib bermaydi.

Toshkent
Toshkent

Din nima? E’tiqod nima? Diniy erkinlik nima? Dunyoviylik nima? Siyosat-chi? Ijtimoiy illatlar-chi? Odamni norozilikka nima yetaklaydi? Qancha odam norozi? Asos nimada? Pittsburg universitetidan antropolog va islomshunos professor Devid Montgomeri (David Montgomery) ilm ahli va matbuot xodimlarini yuqoridagi tushuncha va savollar ustida chuqurroq o’ylanishga undaydi.

Har bir jamiyatning o’z dindorlari bor, ularning dindorlik darajasi turlicha; ulamo va ularga ergashuvchi fuqarolar bor. Diniy erkinlikni o’lchab bo’ladimi? Xavfsizlik va erkinlik? Har ikkisini xohlasak, muvozanatni qanday qilib topamiz? Shunisi aniqki, deydi Montgomeri, neytral inson yo’q. Din va e’tiqod deganda, xuddi siyosat kabi, hamma o’z shaxsiy fikri va yondashuviga ega.

Hukumatlar kim? Odamlar. O’sha jamiyat vakillari. Yuqorida tilga olingan mavzularni har bir jamiyat o’zi muhokama qila olishi, fuqarolar erkin fikr almasha olishi, hukumat va xalq orasida ochiq ko’prik, ya’ni kuchli matbuot vujudga kelishi kerak.

Jorj Vashington Universiteti professori, mintaqashunos Marlen Laruel (Marlene Laruelle) iqtisodiy nochorlik, ijtimoiy adolatsizlik, qonunbuzarlik va loqaydlikni muhim omillar sifatida keltiradi. Shuningdek, deya ta’kidlaydi u, islom va milliy o’zlik tushunchalari orasidagi farq va yaqinlikka ham e’tibor bering. Masalan, o’zbeklik nima? O’zbekistondagi musulmonchilik deganda ko’pchilik nimani tushunadi? Siyosat deganda odamlar o’z rolini qanday ko’radi? Namozxonlar siyosat va din bir-biriga aralashmasligi kerak deb tursa, erkinlikni qanday targ’ib qilasiz? Diniy erkinlikni targ’ib qilish o’zi kimning ishi? Javob hammada har xil.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Nisha Bisvol va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Toshkent, 2014
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Nisha Bisvol va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Toshkent, 2014

Amerika singari hamkor davlatlar hukumatlar bilan muloqotni kuchaytirar ekan, o’zaro manfaatli sohalarga urg’u bermoqda. Demokratiya targ’iboti mintaqa rahbarlariga yoqmaydi, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga kelganda Amerika xususiy sektori u qadar qiziqmaydi, yagona yo’nalish - xavfsizlik bobida hamkorlik.

Marlen Laruel deydiki, yana bir o’zaro manfaatli soha bor: insoniy kapitalni rivojlantirish. Markaziy Osiyoning har bir davlati AQSh bu borada yordam taklif qilsa yo’q demaydi. Ular istagan tarzda, albatta. Mintaqaga ko’maklashishning bir yo’li shu, deya tavsiya qiladi olima.

Jon Xezersho va Deyvid Montgomeri yaqinda chop etilgan ilmiy maqolasida o’z safdoshlari va jurnalistlarni manbalar bilan ishlashda ehtiyot bo’lishga, axborot va fakt to’plash jarayonida gaplashgan odamlarni haddan tashqari ko’p anonimlashtirmaslikka ham undaydi. Xulosalar yuzaki tuyulmasligi va tahlil ishonchli bo’lishi uchun bu o’ta ahamiyatli , deydi ular.

"Islomiy davlat" ga a'zolik guvohnomasi. Markaziy Osiyodan qancha odam terroristlar orasida ekani haqida aniq ma'lumot yo'q, deydi olimlar, bo'rttirish hammani adashtiradi
"Islomiy davlat" ga a'zolik guvohnomasi. Markaziy Osiyodan qancha odam terroristlar orasida ekani haqida aniq ma'lumot yo'q, deydi olimlar, bo'rttirish hammani adashtiradi

Xom tahlilga misol tariqasida ular shu yil boshida Bo’hronlarga qarshi xalqaro guruh chiqargan hisobotni keltiradi. Unda Markaziy Osiyoda radikalizm va terrorizmga moyillik ko’lami haqida gap ketadi. Raqamlar, foizlar, mintaqa ahli fikri, mutaxassislar bergan ma’lumotlar ishonchli emas, deya shubha bildiradi ekspertlar. Tashkilot bu tanqidlarga ochiq javob bermagan. Shunisi aniqki, guruh Bishkekda o’z mutaxassisiga ega.

Muammolar hammaga yaxshi ma’lum, deydi Maykl Xoll (Michael Hall), Ochiq jamiyat instituti (Soros jamg’armasi) vakili. Fuqaro jamiyati va qonun ustuvorligini targ’ib qiluvchi donor tashkilot mintaqa va xorijdagi faollarni quvvatlab keladi. So’nggi yillarda grantlar kamaydi va talablar oshdi.

Rangli inqiloblarga homiylik qilganlikda ayblanadigan va bu ayblovni inkor qiladigan tashkilot samarani qanday o’lchaydi? Juda qiyin masala, deya javob beradi Xoll. Mahalliy tashkilotlar cheklovlar bilan yuzlashsa, vatandan chiqib ketgan faollar yuritadigan tashkilotlarning ta’siri past. Lekin niyat ezgu, deydi Maykl Xoll. Yangi g’oyalar va takliflar yetishmaydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG