Breaking News
Din

Ramazon oyida masjidlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan


Masjidlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

Bir necha hujumlar ketidan dunyo bo’ylab masjidlarda Ramazon oyida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. “Amerika Ovozi” Vashington atrofidagi masjidlarda bo’ldi.

Millionlab musulmonlar uchun Ramazon xayr-saxovat va ibodat oyi. Har kuni ro’za tutiladi, iftor dasturxoni yoziladi. Ammo hujumlar sabab bu gal masjidlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

O’tgan yili Pensilvaniyadagi sinagogada 11 kishi otib o’ldirilgan edi. Mart oyida Yangi Zelandiyadagi masjidlarga hujumda esa 51 kishi halok bo’lgan. Shundan keyin hamma narsa o’zgardi, deydi Haytam al-Xatib.

“Yangi Zelandiyadagi voqeadan keyin Amerikada ham, boshqa mamlakatlardagi islomiy markazlarda ham xavfsizlikka alohida e’tibor bera boshlandi. Bugungi kunda juma namoziga borsangiz qo’riqchilarni ko’rasiz”, - deydi namozxon.

Virjiniyadagi Dorul Hijra masjidida besh vaqt namoz xavfsizlik xodimlarisiz o’tmaydi. Qariyb ming musulmon keladi, ularning xavfsizligi birinchi o’rinda, deydi imom Muhammad Ahmad Dirya.

“Boshqa masjidlarda bo’lgani kabi biz ham xavfsizlik choralarini oshirdik. Ehtiyotkorlik muhim hozir. Qo’rqishga hojat yo’q. Erkin e’tiqod qilamiz”, - deydi u.

Dorul Hijra masjidida otishma paytida o’zini qanday himoya qilish bo’yicha treninglar o’tkazildi.

“Odamlar bola-chaqalari bilan, oila bo’lib kelishadi. Namozga xotirjam kelishlarini istaymiz”, - deydi xavfsizlik xodimi Abdulqodir Ismoil.

Masjid kimning himoyasida degan savolga…

“Birinchi navbatda Olloh, keyin qo’riqchilar va uchinchi o’rinda mahalliy politsiya himoyasida”, - deya javob beradi u.

Boshqa din vakillari bilan muloqot ham yordam beradi, deydi Muhammad Farid.

“Dinlararo totuvlik dasturimiz bor, har seshanba yig’ilamiz. Boshqa din vakillariga, hatto xudosizlarga islom dini haqida, Qur’on haqida saboq beramiz. Ta’limning roli katta”, - deydi Farid.

Vashington va Virjiniyada hozircha Ramazon oyida biror muammo kuzatilmadi. Ro’za oyida e’tiborimiz xavfsizlikda emas, toat-ibodatda bo’lishini istaymiz, deydi musulmon yetakchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG