Musulmon olim Toriq Ramazon jinsiy tajovuzda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Yevropada taniqli islom olimining jinsiy zo'ravonlikda ayblanishi musulmonlar jamiyatini hayratda qoldirdi. Kamida ikki ayol shvetsiyalik Toriq Ramazon tomonidan zo'rlanganini da'vo qilib chiqdi.

Jinsiy zo'ravonlik haqidagi ayblovlar kuchaygach, Oksford universiteti professor Toriq Ramazonning ta'tilga chiqarilganini e'lon qildi. Olimning o'zi ayblovlarni inkor etmoqda.

Mashhur dinshunosning jinsiy zo'ravonlikda ayblanishi musulmonlar jamiyatida ham, ilmiy doiralarda ham katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. 55 yoshli Ramazon dunyoviy Yevropada musulmon sifatida yashashning nazariy asoslarini yaratgan olim sifatida yosh musulmonlar avlodi orasida mashhur.

"Bu ish katta o'zgarishlarga olib borsa kerak. U intergratsiya haqida ko'p gapirardi. Busiz siyosiy radikalizm kuchayadi. Ramazonning ishlari buni to'xtatib turgan edi. G'arb hayotida faol qatnashishni rad etadiganlar, musulmon davlatlarga hijrat qilishni, hatto qurolli jihodni targ'ib qiladiganlar kuchayadi", - deydi fransiyalik islomshunos Aleksandr Piyetre.

Toriq Ramazon Misrdagi "Musulmon birodarlar" guruhining asoschisi Hasan al-Bannoning nabirasi hisoblanadi. Ayrim tanqidchilar uni birdamlik nomi ostida siyosiy islomni targ'ib qilishda ayblaydi. Bush ma'muriyati davrida Ramazonning AQShga kirishi taqiqlab qo'yilgan edi. Obama davrida bu cheklov bekor qilindi.

Ramazonga qarshi ayblovlar yuzasidan bahslar, ayniqsa, Fransiyada avj oldi. Bu yerda 5 million atrofida musulmon yashaydi.

Aprel oyida Fransiya hukumati Ramazonning akasi, shvetsiyalik da'vatchi Hani Ramazonni jamoatchilik uchun tahdid deb mamlakatdan chiqarib yuborgan. 2002-yil ayni shaxs zinokorlarni toshbo'ron qilishni yoqlab yozgan maqolasi uchun tanqidlarga uchragan edi.

Ramazonga qarshi ayblovlar butun dunyo bo'ylab ana shunday skandallar keng avj olgan bir paytga to'g'ri keldi. AQShda kinoijodkor Xarvi Vaynshteyn ayollarga tegajog'likda ayblangach, yana boshqa ko'plab mashhur shaxslar jinsiy tajovuzlarda ayblandi.

Toriq Ramazonga qarshi asosiy ayblov fransiyalik huquq faoli, sobiq salafiy dindor Henda Ayaridan keldi. Da'voga ko'ra, Toriq Ramazon 2012-yil uni mehmonxonada zo'rlagan. Xuddi shunga o'xshash ayblov bilan yana bir fransuz ayol shikoyat qilgan. Fransiya prokuraturasi ayblovlarni tekshirmoqda.

Shveysariyada esa to'rt yosh ayol Ramazon bilan o'smirligida jinsiy aloqada bo'lganini aytib chiqdi. Ularning uchtasi aloqaga majburlanganini da'vo qilgan. Belgiyada ham shunga o'xshash bir shikoyat tushgan.

Professor ayblovlarni inkor qilib, tuhmatga qarshi sudga ariza bergan. U "Facebook" tarmog'ida qoldirgan murojaatida xotirjamligini va adolat qaror topishiga ishonchi komil ekanini yozgan.

Ayrimlar Ramazonni himoya qilib, unga qarshi ataylab bo'hton to'qilganini va uni yomonotliq qilish kampaniyasi olib borilayotganini aytmoqda.

Musulmon feminist ayollar jabrlanganlar yonini olmoqda.

"Jinsiy tajovuzga kelganda, musulmonmi, boshqami, hammaga tartib bir", - deb yozadi tadqiqotchi Fatima Kemilat.

Bir qator jamiyat yetakchilari voqea yuzasidan fikr bildirishdan tiyilib, adliya tizimi xulosasini kutishayotganini aytdi.

Parij yaqinidagi musulmonlar ittifoqi vakili Muhammad Hennichening aytishicha, bu ayblovlar musulmonlarga qarshi kayfiyatning kuchayishiga hissa qo'shadi.

"Toriq Ramazonga qarshi har bir odam endi Islomning tinchlik dini emasligini, ayollarni buyum sifatida ko'radigan din ekanini aytishga tushadi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG