Ijtimoiy tarmoqlarda jinsiy tajovuzkorlikka qarshi kampaniya

  • Amerika Ovozi

Gollivud produseri Xarvi Vaynshteyn tomonidan jinsiy zo'ravonlikka ucharagan ayollar soni oshib borar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda "Men ham" degan heshteg ommalasha boshladi. Minglab ayollar ingliz tilidagi #MeToo yozuvi orqali shaxsiy hayotlarida yuz bergan jinsiy tajovuzlar haqida oshkora gapira boshlagan.

Ommaviy aksiyani aktrisa Alissa Milano boshlab berdi.

U "Twitter' orqali ayollardan, agar hayotingizda jinsiy tajovuzga uchragan bo'lsangiz, "Men ham" (Me Too) heshtegini tarqating, deb so'ragan.

Bu ikki so'z ijtimoiy tarmoqlarda bir lahzada alanga oldi. Minglab ayollar shu jumlani ishlatib, hayotlarida ro'y bergan turli jinsiy tajovuzlar haqida yoza boshladi.

Aksiyaga qo'shilganlar orasida erkaklar ham bor. Ularga ko'ra, roziliksiz tegajog'likka uchrayotganlar faqat ayollar emas.

Amerikada jinsiy tegajog'lik va zo'ravonlik muammosi Gollivud produseri Xarvi Vaynshteyn mojarosi chiqqandan beri bahslarga sabab bo'lmoqda.

Produserni tegajog'likda ayblayotgan ayollardan biri Luizet Geys boshidan o'tganlarni shunday xotirlaydi:

"Yuragim taka-puka bo'lib, juda qo'rqdim. Nihoyat, qo'llarimni tortib olib eshikka qarab yurdim. U ortimdan ergashib, Bob Vaynshteyn bilan tanishtirib qo'yishini, uchta kino uchun shartnoma tuzib, ssenariyimni ma'qullashini aytdi. Faqat uning masturbatsiya qilishini tomosha qilishim kerak ekan", - deydi Geys.

Vaynshteynning vakili bunday iddaolarni inkor etib, hammasi rozilik asosida bo'lganini aytadi. Ammo norozilik va yangi ayblovlar kun sayin ko'payib bormoqda.

O'zi asos solgan kompaniyadan haydalgach, Kino va san'at akademiyasi ham Vaynshteynni a'zolikdan chiqarish haqida ovoz berdi.

Gollivuddagi bu mashmasha barcha ayollar uchun muhim muammoni fosh qildi, deydi "Ayollar va Gollivud" blogini yurituvchi Melissa Silversteyn.

"Xarvi Vaynshteyn ishi oshkor qilgan narsa shuki, ayollar, xususan, boshqa irq vakillari Gollivudda kop'roq katta lavozimlarda ishlashi kerak. Uzoq davrlardan beri unda oq tanli erkaklar hukmron. Bizning gaplarimiz, ovozlarimiz hisobga olinishi kerak. Muloqot barchani qamrab olishi kerak", - deydi bloger.

Bu muloqot hozir ijtimoiy tarmoqlarda va Gollivudda ikki so'z bilan o'z ifodasini topmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG