Breaking News

Roxinjaliklarni vatanda nima kutmoqda?


Myanma hukumati qo’shni Bangladeshga qochgan roxinjaliklarni qaytarishga kirishar ekan, inson huquqlari faollari va nodavlat tashkilotlar ularning xavfsizligidan xavotirda. Axir roxinjaliklarni yurtidan qochishga majbur qilgan xavfsizlik kuchlari ularni ortga safar paytida qo’riqlashi kerak bo’ladi.

“Amerika Ovozi” inson huquqlari va migratsiya sohasidagi mutaxassislar bilan 600 mingdan ziyod qochqin taqdiri haqida gaplashdi.

Myanma g’arbidagi Rakxayn shtatida armiya o’tkazgan amaliyot natijasida roxinjalik musulmonlarning o’z uylariga qaytishiga umid yo’qoldi.

Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, ularni Bangladeshdan qaytarish rejasi shosha-pisha tuzilgan, shunchaki xalqaro hamjamiyat tanqidini yumshatish uchun qilinmoqda.

Qochqinlarning aytishicha, ortga qaytishdan oldin zug’um va haqoratlarga chek qo’yilishi kerak.

“Birmaliklar bizga zulm o’tkazishni bas qilib, uylarimizga bemalol qaytishimizga imkon bersagina, Myanmaga qaytamiz. Ular bizni tan olishmaydi”, - deydi qochqin Nosir Xudsa.

Qochqinlarni Birmaga qaytarishda bir muammo tug’ilishi aniq – ko’plari uyini hujjatsiz tark etgan. Bangladesh aksariyatiga hujjat bergan, ammo Myanma rasmiylari ulardan qanday hujjatlarni talab qilishi hozircha noma’lum. Roxinjaliklar 1982-yildan beri o’z yurtida fuqarolik ololmay xunob.

Myanma ozchilikdagi boshqa elatlarga ham shunday munosabatda bo’lib kelgan, deydi migratsiya bo’yicha ekspert Braxm Press.

“O’tmishda mamlakatni boshqargan harbiylar ozchilikdagi elatlarni o’z yeridan ko’chirib, u joyga birmaliklarni joylashtirardi. Shu tariqa boshqa elatlar ko’pchilikni tashkil etgan hududlarni birmaliklar egallardi”, - deydi mutaxassis.

Qochqinlar lagerilaridagilarning 60 foizi bolalardan iborat. Ular olgan ruhiy yaralar hali beri tuzalmaydi.

“Bolalarning aksariyati bo’lgan voqealardan tushkunlikka tushgan, ba’zilari jiddiy ravishda ruhan betob. Ular bilan gaplashib, boshlaridan kechgan voqealarni eshitib, shunday xulosaga keldik. Bolalar chizgan suratlarning ba’zilarida haddan ziyod zo’ravonliklar tasvirlangan. Ularni qo’llab-quvvatlab turish kerak. Nafaqat hozir, balki keyin ham”, - deydi YUNISEF tashkilotidan Jan Jak Simon.

Hukumatning qochqinlarni Myanmaga qaytarish rejasiga qaramay, Bangladeshdagi lagerlarga yangi qochqinlar kelishda davom etmoqda. Ortga qaytish ba’zilari uchun o’lim bilan barobardir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG