Bangladesh qochqinlar lagerlarida jon saqlayotgan roxinjaliklarni Myanmaga qaytarishga hozirlik ko’rar ekan, inson huquqlari guruhlari bunday qilmaslikka chaqirmoqda, aks holda, deydi ular, roxinjaliklar yana zo’ravonliklarga uchraydi.
Bangladeshdagi qochqinlar lagerlarida odamlar vahimaga tushgan. Ba’zilari Myanmaga qaytishdan bosh tortmoqda.
“Myanmada bizni zo’rlashdi, o’ldirishdi, o’shandan qochib va adolat izlab bu yerga kelgan edik”, - deydi Saida Xotin ismli qochqin.
“Biz ko’p narsa so’raganimiz yo’q. Huquqlarimizni hurmat qilishsin. Bizga fuqarolik berishsa, o’zimiz Myanmaga qaytib boramiz”, - deydi Anvar ismli yana bir roxinjalik.
Myanmaning buddist armiyasi va aholisi ta’qibiga uchragan bu elat vakillari 2017-yilda qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi. Rakxayn shtatidagi uylari, qishloqlari ko’kka sovurildi.
Bangladesh va Myanma hukumatlarining o’tgan oy repatriatsiya haqidagi kelishuvini inson huquqlari tashkilotlari tanqid qilmoqda.
“Qochqinlar adolat, xavfsizlik kafolatlari talab qilmoqda. Agar Myanmaga qaytishsa, ularni yana ta’qib qilishadi, xo’rlashadi. Bunday bo’lmasligiga hanuz kafolat yo’q”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotining qochqinlar huquqlari bo’yicha idorasi direktori Bill Frelix.
Majburiy repatriatsiya ehtimolidan cho’chigan qochqinlarning bir qismi lagerlarini tark etdi. Bangladeshlik askarlar ularni to’xtatishga harakat qilmoqda.
“Repatriatsiya uchun ro’yxat qochqinlar bilan muvofiqlashtirilmagan, ularning roziligi olinmagan”, - deydi Frelix.
AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Singapurdagi mintaqaviy anjumanda Myanmaning norasmiy rahbari Au San Su Chi bilan uchrashib, roxinjalik qochqinlar taqdiri bilan qiziqdi.
“Roxinjaliklar masalasida siljish bormi? Ularning fojiasi millionlab amerikaliklarning yuragiga botdi. Harbiylar va ba’zi fuqarolar zo’ravonliklari va ta’qiblari oqibatida 700 ming roxinjalik Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi”, - dedi Pens.
Ba’zi kuzatuvchilar AQShning qattiq pozitsiyasini olqishlamoqda.
“Birmada qonunlar va adliya tizimi toptalmoqda, harbiylar jinoyatlari jazosiz qolmoqda. AQSh va G’arb hamda boshqa mamlakatlar Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga bosim qo’yib, aybdorlar javobgarlikka tortilishini haqida ogohlantirib turishi kerak”, - deydi vashingtonlik mutaxassis Oliviya Enos.
Myanma hukumati roxinjaliklarni ta’qib etayotganini inkor etarkan, 2017-yilda harbiylarga hujum qilgan qurollangan roxinjalik jangarilarni nishonga olganini aytadi.
Facebook Forum